Xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan radikal «Tolibon» harakati bilan muloqotni davom ettirishi kerak, deydi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Agence France-Presse`ga bergan intervyusida. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

«To‘g‘ridan -to‘g‘ri prinsiplarimizni tasdiqlab, „Tolibon“ bilan muloqot qilish kerak. Bunday muloqotni afg‘on xalqi bilan birdamlik uchun o‘tkazish kerak», — dedi u. «Bizning burchimiz — ko‘p azob chekayotgan odamlar bilan birdamlagimizni ko‘rsatishdir, millionlab odamlar ochlikdan o‘lishi mumkin», — dedi Guterrish.

«Vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi va shuning uchun agar biz Afg‘oniston terrorizm markazi bo‘lmasligini istasak, agar ayollar o‘tgan davrda qo‘lga kiritgan huquqlarini yo‘qotmasligini istasak, turli etnik guruhlar o‘z manfaatlari inobatga olinayotganini his qilishlari uchun «Tolibon»ni [munozaraga] jalb qilish kerak», — deya qayd etdi BMT Bosh kotibi. «Biz hech bo‘lmaganda muhokamaga tayyorligini ko‘rayapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u. Guterrish shartlar bajarilgan taqdirda Afg‘onistonga tashrif buyurishi mumkinligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT Afg‘onistonda afg‘on jamiyatining barcha vakillari ishtirok etishi kerak bo‘lgan «inklyuziv hukumat» tuzilishini qo‘llab-quvvatlaydi. «Va ushbu birinchi vaqtinchalik hukumat bunday taassurot qoldirayotgani yo‘q», — deydi Guterrish.

Guterrish «inson huquqlari hurmat qilinishi, terrorizmning Afg‘onistonda bazasi bo‘lmasligi va toliblar giyohvandlikka qarshi kurashda hamkorlik qilishi» kerakligini ta’kidladi. «Biz mamlakat tinchlik va barqarorlik sharoitida, odamlar huquqlari hurmat qilinib boshqarilishini istaymiz», — dedi BMT bosh kotibi. Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar «tan olinishini, sanksiyalar bekor qilinishini, moliyaviy qo‘llab -quvvatlashni xohlaydi va bu ma’lum darajada ta’sir qilish omillarini beradi».