Rossiya va Belarus rahbarlari Ittifoq davlati bo‘yicha kelishib oldilar

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasidagi muzokaralar 9 sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat rahbarlari Kremlda taxminan 3,5 soat suhbatlashdi.

Vladimir Putin Rossiya va Belarus umumiy sanoat siyosatiga o‘tayotganini aytdi. Bundan tashqari, Rossiya rahbari umumiy makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish, to‘lov tizimlarini birlashtirish, axborot xavfsizligi, bojxona, soliq, energetika va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi. Shuningdek, 2023 yil 1 dekabrgacha ikki mamlakatning yagona energiya bozorlari to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi. Jami bo‘lib Rossiya va Belarus ikki davlat o‘rtasida 28 ta ittifoq dasturi bo‘yicha kelishib oldilar.

Ikki davlatning integratsiyasi tufayli Rossiya va Belarus fuqarolari Ittifoq davlati doirasida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, ularning turmush darajasini yaxshilash uchun sharoitlar yaratiladi, dedi Vladimir Putin. Moskva va Minsk milliy to‘lov tizimlarini birlashtirishni va Ittifoq davlati ichida yagona makon yaratishni rejalashtirmoqda.

Aleksandr Lukashenko ikki mamlakatning yagona valyutasi masalasiga qaytish imkoniyatini istisno qilmadi. Vladimir Putin, o‘z navbatida, yagona valyuta haqida gapirishga hali erta ekanligini, birinchi navbatda yagona makroiqtisodiy siyosatni o‘rnatish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, prezidentlar umumiy mudofaa makonini qurish masalasini muhokama qilishdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida havo qatnoviga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlashga qaror qilindi. — Gazeta.uz


Daniya barcha karantin cheklovlarini bekor qildi

Daniya Yevropa Ittifoqining barcha karantin cheklov choralarini bekor qilgan birinchi mamlakati bo‘ldi. Interfaksning yozishicha, Daniya «pandemiyadan oldingi hayotga» qaytmoqda: hozirda mamlakat aholisi niqoblar taqmayapti, ofislar xodimlar bilan to‘la, maktablar va universitetlar to‘liq faoliyatini tikladi.

Shu bilan birga, Daniyaga boshqa mamlakatlardan kelganlar emlanganlik to‘g‘risida sertifikat yoki manfiy PZR-tekshiruvi natijasiga ega bo‘lishlari kerak. Aeroportlarda niqob taqish rejimi davom etmoqda.

Ta’kidlanishicha, Daniya aholisining 70 foizidan ortig‘i koronavirusga qarshi to‘liq emlangan. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda 350 mingdan ortiq COVID-19 holatlari qayd etilgan, 2,6 mingga yaqin kishi kasallik tufayli vafot etdi.


Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar:

Mamlakatdagi vaziyat:

  • «Tolibon» boshqa davlatlar bilan birgalikda kontrterroristik operatsiyalarini o‘tkazmaydi va xorijiy davlatlar bilan razvedka ma’lumotlarini almashmaydi, deya ma’lum qildi harakatning Qatardagi siyosiy idorasi matbuot kotibi Muhammad Sohail Shohin Global Times’ga. Afg‘oniston razvedka va mudofaa idoralari buni mustaqil ravishda amalga oshiradilar, deya keltiradi nashr uning so‘zlarini. «Shohin xavfsizlik muammolariga javob berish uchun ularning imkoniyatlari, tajribasi va zarur qurollari borligini ta’kidladi. U boshqa davlatlar o‘z tashvishlarini diplomatik aloqalar orqali bildirishlari mumkinligini ham ta’kidladi», deb yozadi gazeta. «Tolibon» vakilining so‘zlariga ko‘ra, terrorizmga qarshi operatsiyalar Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Afg‘oniston razvedka xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi. «Ular hech kim afg‘on makonini boshqa davlatlarga qarshi ishlatmasligini ta’minlash uchun birgalikda harakat qilishadi», — deydi Shohin. Bundan tashqari, vakilning aytishicha, «Sharqiy Turkiston islomiy harakatining» ko‘plab a’zolari «Tolibon» talabi bilan Afg‘onistonni tark etishdi. «Birinchidan, biz o‘z hududimizda [teraktlarga] tayyorgarlik ko‘rishga ruxsat bermaymiz, ikkinchidan, biz chet elda har qanday operatsiyalarni amalga oshirmoqchi bo‘lganlar tomonidan har qanday shaklda mablag‘ yig‘ishga ruxsat bermaymiz. Uchinchidan, biz Afg‘onistonda har qanday yollash markazlarini yaratishga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu eng muhim narsalar», — dedi Muhammad Sohail Shohin Global Times’ga.
  • Milliy qarshilik fronti jangchilari Panjshir viloyatidagi uchta tumanni «Tolibon»dan qaytarib olganliklarini da’vo qilishmoqda, deya xabar bermoqda Interfaks Aamaj News’ga tayanib. «Milliy qarshilik fronti jangchilari Dara, Abshar va Paryan tumanlari ustidan nazoratni qayta qo‘lga olishdi. Boshqa hududlarda qarshilik kuchlari tog‘larga ko‘chib o‘tdi. Tinch aholining ahvoli halokatli», — deyiladi xabarda. Shu bilan birga, toliblar Afg‘oniston sobiq birinchi vitse-prezidenti Amrulla Solihning akasi Ruholla Azizini o‘ldirgani aytilmoqda. Manbaga ko‘ra, Azizi qo‘lga olinib, kechasi Panjsher viloyatining Ruxa tumanida otib o‘ldirilgan.
  • «Tolibon» a’zolari afg‘onlarni harakat yoki uning bo‘linmalari nomidan biror narsa talab qilinsa, politsiyaga xabar berishga chaqirdi. Harakat vakili Muhammad Naimning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari Islom Amirligi [Afg‘oniston] xavfsizlik kuchlari nomidan odamlardan pul o‘g‘irlagan kishini hibsga olib, huquqni muhofaza qilish organlariga topshirdi.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro hamjamiyatni toliblar bilan muloqot qilishga va ularni munozaraga jalb qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Afg‘onistonda «ko‘p azob chekayotgan odamlar bilan birdamlikni ko‘rsatish uchun kerak».

Liviya parlamenti prezident saylovi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Bir necha oylik bahs va qizg‘in munozaralardan so‘ng, deputatlar dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovi uchun qonuniy asos yaratishga muvaffaq bo‘lishdi, deya yozmoqda Al Arabiya.

Qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan saylanadigan davlat rahbarining vakolatlari va majburiyatlari ko‘rsatilgan. Shunday qilib, uning vakolatiga bosh vazirni, shuningdek, vitse-prezidentni tayinlash yoki lavozimidan ozod qilish kiradi. Shu bilan birga, har uch siyosatchi ham Liviyaning turli hududlaridan bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Prezident, shuningdek, qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni bo‘ladi. Deputatlar tasdiqlagan qonunlar ham davlat rahbari tomonidan imzolanadi.

Prezident saylovida Liviya fuqarosi bo‘lgan (boshqa fuqaroligi bo‘lmasligi kerak), chet ellik fuqarosi bilan turmush qurmagan va Islom diniga e’tiqod qiluvchi shaxs qatnashish huquqiga ega. Prezidentlikka nomzodlar oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomni taqdim etishlari, kamida 40 yoshda bo‘lishlari va potensial saylovchilardan 10 ming imzo to‘plashlari kerak. Xalqaro jinoyat sudi tomonidan qidiruvda bo‘lgan yoki jazoga hukm qilingan Liviya fuqarosi o‘z nomzodini ilgari sura olmaydi.


AQSh prezidenti Jo Bayden COVID-19'ga qarshi kengaytirilgan emlash rejasini imzoladi

Federal xodimlar, yirik ish beruvchilar va tibbiy xodimlar uchun yangi emlash qoidalari e’lon qilindi. Barcha hukumat xodimlari koronavirusga qarshi emlanishi kerak bo‘ladi. Xuddi shunday talab federal hukumat pudratchilari xodimlariga ham tegishli. «Mening rejamdagi emlash talablari taxminan 100 mln amerikalikka taalluqlidir — bu mamlakatda ishlaydiganlarning uchdan ikki qismi», dedi AQSh prezidenti.

Bundan tashqari, 100 yoki undan ortiq xodimga ega korxonalar barcha ishchilarini emlashi yoki har hafta PZR-tekshiruvidan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, 300 ming nafar o‘qituvchi, 17 mln nafar tibbiyot xodimi COVID-19'ga qarshi emlanadi.

«Mening emlanmagan amerikaliklarga murojaatim: yana nimani kutish kerak? Yana nimani ko‘rishingiz kerak? Biz vaksinalarni bepul, xavfsiz va qulay qilib qo‘ydik. Vaksina FDA tomonidan tasdiqlangan. Biz sabr qilgandik, lekin sabr-toqatimiz tugadi va siz rad etganlaringiz hammamiz uchun qimmatga tushdi», deya murojaat qildi Bayden aholiga.

Ma’lumotlarga ko‘ra, katta yoshdagi aholining 75 foizidan ko‘prog‘i kamida vaksinaning bitta dozasi bilan emlangan. AQSh aholisining 64 foizidan ortig‘i koronavirusga qarshi to‘liq emlangan. Emlanishi kerak bo‘lgan odamlar soni 80 mlnni tashkil qilmoqda. — Oq uy veb-sahifasi.


Shuningdek:

  • «Olaf» dovuli Meksika shimolidagi Quyi Kaliforniya shtatiga bostirib keldi. Shamolning maksimal tezligi soatiga 160 kmga yetmoqda. Shtat hokimiyati aholi uchun maxsus boshpanalar ochdi. Shuningdek, maktablarda darslar bekor qilindi. Bundan tashqari, transport tizimining faoliyati cheklandi: portlar kichik kemalarni qabul qilmayapti, Los-Kabos va La-Pas aeroportlarida reyslar bekor qilindi.
  • Germaniyaning Liviyadagi elchixonasi qayta ochildi. 2014 yilda mamlakat diplomatlari Liviyada fuqarolar urushi avj olgan paytda Tripolini tark etishgan edilar.
  • Tailand 1 oktabrdan boshlab xorijiy sayyohlar uchun Bangkok, Pattayya, Xuaxin va Chiangmay kabi bir qancha hududlarni ochishni rejalashtirmoqda. Sayohat qilishdan oldin, sayyohlar kirish sertifikatini olishlari, kamida 100 ming dollar qoplab beradigan sug‘urta ochishlari kerak bo‘ladi. Kirish paytida emlanganlik to‘g‘risida sertifikat va PZR-tekshiruvi natijalarini taqdim etilishi lozim. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar faqat PZR-tekshiruvidan o‘tadilar.
  • Livanda 13 oy o‘tgach yangi hukumat tuzildi. Uning tarkibiga 24 nafar vazir kirdi. Livandagi siyosiy inqiroz 2020 yil avgust oyida Bayrut portida sodir bo‘lgan kuchli portlashdan so‘ng boshlandi. Fojia 200 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Boshlangan norozilik namoyishlari fonida Livan hukumati iste’foga chiqqan edi.
  • Litva poytaxtida 4,5 mingga yaqin odam emlanmaganlarning huquqlarini cheklash to‘g‘risidagi hukumat qaroriga qarshi namoyishga chiqdi. Tartib buzilishi aniqlanmagan, hibsga olinganlar yo‘q, deya ta’kidlamoqda politsiya. Miting munosabati bilan politsiya shay holatga keltirildi, Vilnyusga boshqa shaharlardan qo‘shimcha kuchlar yuborildi.

Foto: TASS