Hukumatning 10 sentabrdagi qarori (565-son) bilan Jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Nizomga ko‘ra, jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar muhokamasi:

  • sodir etilgan jinoyat holati bo‘yicha — jinoyat sodir etilgan hududdagi mahallada jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab 3 kun ichida;
  • jinoyat sodir etgan shaxs bo‘yicha — uning yashash joyidagi mahallada sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi ichki ishlar organlariga kelib tushgan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi.

Muhokama qilinadigan jinoyatlar taqsimoti quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

  • og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasidagi;
  • uncha og‘ir bo‘lmagan va ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar — tuman (shahar) darajasidagi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar hamda davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari tomonidan jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilinadi.

Qaror bilan jinoyatlarning xususiyatiga qarab muhokamada mahalla, bandlik, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, yoshlar ishlari, milliy gvardiya organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etishi shartligi belgilandi.

Muhokama jarayonida:

  • sodir etilgan jinoyat holati bo‘yicha — jinoyat ishi mazmuni, shuningdek, jinoyatga aloqador shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishga, shaxsning jinoyat sodir etilishida ayblilik masalasini muhokama qilishga hamda ular muhokamada ishtirok etishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • jinoyat sodir etgan shaxs bo‘yicha — sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxs (ozodlikdan mahkum qilishga hukm qilingan shaxslar bundan mustasno) hamda uning ota-onasi, ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki boshqa yaqin qarindoshlarining ishtiroki ta’minlanadi.