Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida 2026 yil yakunigacha kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish lozimligini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Shu maqsadda, tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. «Biznes sohasiga imkoniyatlarni kengaytirish, soliq turlari va uning yukini kamaytirish bo‘yicha, tizimli ishlarimizni izchil davom ettiramiz», — dedi u Shavkat Mirziyoyev.

«Yaxshi bilasizlar, 2020 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirgan edik. Bu — 100 ming tadbirkor ixtiyorida 10 trillion so‘m mablag‘ qoladi, degani. Endi, zarur tayyorgarlik ko‘rgan holda, 2023 yildan boshlab, ushbu soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushiramiz», — deya ta’kidladi u.

Bundan tashqari, 2022 yilda korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi. 2023 yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona ko‘chmas mulk solig‘i joriy qilinadi.

«Hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi har xil bo‘lib, ular amaldagi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil bo‘ladi», — dedi O‘zLiDeP nomzodi.

Tuman va shaharlardagi mavjud bir nechta tadbirkorlikka ko‘maklashadigan tuzilmalar negizida Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi.