Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan O‘zLiDePning navbatdagi s’ezdida Shavkat Mirziyoyev o‘tgan besh yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan nutq so‘zlamoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida O‘zLiDeP delegatlariga uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

«O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi s’ezdining Siz, hurmatli delegatlari va faollari menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston prezidenti lavozimiga nomzodimni ko‘rsatganingizni behad qadrlayman. Bu men uchun yuksak sharaf va ayni paytda ulkan mas’uliyat ekanini yurak-yurakdan his etmoqdaman», — dedi u.

Shundan so‘ng, o‘tgan prezident saylovi dasturida e’lon qilingan dasturlar ijrosiga to‘xtalib o‘tdi.

«Bundan besh yil oldin, men partiyamiz minbaridan o‘z saylovoldi dasturimni e’lon qilgan edim. Ushbu dasturda davlat va jamiyatimizni yanada isloh qilish, fuqarolarimizning hayotiy muammolarini hal etish va orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishni oliy maqsad etib belgilagan edik. Besh yil mobaynida aholi farovonligini ta’minlash va uning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida nimalarga erishdik? Qanday marralarni egalladik? Kamchiliklar nimalardan iborat bo‘ldi?», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«2017−2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod prezident farmoni va qarori qabul qilindi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qisqa davrda mamlakatda yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahalla qolmagan.

«Shu borada bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni istardim: bugungi kunda davlatimiz inson uchun, xalq uchun ochildi. Xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish bo‘yicha, mutlaqo yangi tizim yaratdik. Davlat tashkilotlari ish faoliyatida «mahallaga tushish», «xalq ichiga kirish, uning «dardiga quloq solish», «tashvishiga sherik bo‘lish» va «muammolarni joyida hal etish» tamoyillari, asosiy mezonga aylandi», — dedi u.

Qolaversa, u o‘zining amaldagi vazifasi davomida erishilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham to‘xtaldi.

«So‘nggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat — 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa, 3 barobarga ўсgaни, biz qo‘lga kiritgan yuqori natijalardan dalolat beradi. Shu davrda o‘rtacha oylik ish haqi 2,2 marta ko‘paydi», — dedi prezidentlikka nomzod.

U so‘zi davomida odamlar isholotni amalda sezishi kerakligiga e’tibor qaratdi.

«Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va ro‘zg‘orida o‘z aksini topishi zarur. Bu — hayotiy haqiqat. Barcha orzu-niyatlarimiz, mashaqqatli mehnatimiz, kechani — kecha, kunduzni — kunduz demasdan amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz — hamma-hammasi, bizga katta umid va ishonch bilan qarab turgan xalqimiz uchundir», — dedi u.

Davlat rahbari ushbu yo‘nalishdagi ezgu ishlar davom etishi, ijtimoiy adolat tamoyili asosidagi barqaror rivojlanish dasturi ishlab chiqilgani va mazkur sohadagi faoliyat davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo‘yicha bunday keng ko‘lamli ishlar ilgari hech qachon bo‘lmagan».

«Yurtimizda yashayotgan oilalar hayotini shu nuqtai nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan davrda qanday katta natijalarga erishganimiz ayon bo‘ladi. Misol uchun, hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi har 100 ta oilaga 162 ta televizor, 107 ta xolodilnik, 287 ta mobil telefon, 49 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda. Boshqacha aytganda, mamlakatimizdagi oilalarning qariyb yarmi, o‘zining shaxsiy avtomobiliga ega» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda ipoteka dasturlari doirasida, 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etildi. Bu raqamni oldingi yillarga solishtirganda, 11 martadan ham ko‘p demak.