Ayni vaqtda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi bo‘yicha ma’ruza qilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.

“Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi 35 mln ga yetdi, 2026 yilga borib esa, 38 mln dan oshishi kutilmoqda”, — deydi u.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston jahonda aholi soni bo‘yicha 37-o‘ringa chiqib, Polsha, Kanada, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar aholisidan ham oshadi.

“Aholimizning qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi va har yili mehnat bozoriga kamida 600 ming yoshlar kirib kelmoqda. Bunday demografik o‘sish biz uchun ham imkoniyat, ham juda katta mas’uliyat degani”, — deya qo‘shimcha qiladi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyining yettinchi kunida O‘zbekiston aholisining soni 35 mln nafardan oshdi.