Ayni vaqtda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi bo‘yicha ma’ruza qilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Mavjud zaxira va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi. Shu tariqa 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, „daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar“ qatoriga kirishga puxta zamin yaratgan bo‘lamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U ushbu vazifa oson emasligini ta’kidladi. Qo‘shimcha qilinishicha, bunga erishish uchun, «iqtisodiyotda ilm va innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish hisobidan yangi texnologiyalar va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini ko‘paytirish orqali mehnat samaradorligida tub o‘zgarishlar qilish shart».

Shuningdek, prezident 2023 yil oxirigacha inflyatsiya darajasi 5 foizga туширилишини aytib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta’minlanadi.

«Bevosita aholining talablari asosida yiliga 1,5 — 2 trln so‘m mablag‘ joylardagi eng dolzarb muammolarni hal etishga sarflanadi. Yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 mlrd dollardan, umumiy davlat qarzi esa yalpi ichki mahsulotning 50−60 foizidan oshmasligi ta’minlanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi besh yilda 120 mlrd dollar, shundan kamida 70 mlrd dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi ta’kidlandi.

Qo‘shimcha qilinishicha, mamlakatning eksport salohiyati 1,7 barobar oshirilib, 2026 yilda 30 mlrd dollarga yetkaziladi.

«Eksport tarkibida xomashyoning ulushi hozirgi 46 foizdan 23 foizga kamayib, tayyor mahsulotlar hajmi 2,5 barobar ko‘payadi», — dedi prezident.

Oldinroq, O‘zbekiston hukumati aholi jon boshiga YAIMni hozirgi paytdagi 1700 dollardan 2025 yilgacha 2500 dollarga va 2030 yilgacha bo‘lgan muddat ichida 4200 dollarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganligi haqida xabar berilgan edi.