Bangladeshda bir guruh tadqiqotchilar va IPA (Qashshoqlikka qarshi kurash uchun innovatsiyalar) tashkiloti Bangladesh hukumati vakillari va mahalliy NNT bilan hamkorlikda niqob taqish darajasini oshirish hamda jamoaviy niqob taqishning SARS-CoV-2 bilan zararlanish darajasiga ta’sirini baholash yuzasidan o‘ziga xos tadqiqot o‘tkazdilar. «Gazeta.uz» IPA ma’lumotlariga tayangan holda, tadqiqotning qisqacha mazmuni va natijalarini taqdim etadi.

Tashkilotning ta’kidlashicha, ilmiy dalillar himoya niqoblari COVID-19 dan himoya qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, niqobdan to‘g‘ri tartibda va muntazam foydalanilmaydigan hayot tarzida niqob taqishning COVID-19 xavfini kamaytirishdagi samarasi qay darajada ekanligi xususida aniq dalillar yetarli emas.

Tadqiqot uchun 300 ta targ‘ibot qishlog‘i va taqqoslash uchun 300 ta qishloqlar tanlanib, ular bir-biriga juftlashtirildi. Targ‘ibot va taqqoslash qishloqlari juftligi bir xil upazilada (Bangladeshdagi ma’muriy-hududiy bo‘linish, mamlakat 492 ta upazilaga bo‘lingan) joylashgan bo‘lib, COVID-19 bilan kasallanish holatlari, aholi soni va zichligi jihatidan o‘zaro o‘xshash.

Niqob tarqatish va targ‘ibot («NORM modeli»)

300 ta targ‘ibot qishloqlarida amalga oshirilgan targ‘ibotlar to‘rtta elementni o‘z ichiga olgan:

  • Bepul niqoblar tarqatish (xonadonlarda, bozorlarda, masjidlarda va boshqa jamoat joylarida);
  • Niqob taqish to‘g‘risida ma’lumot berish (jamiyatning nufuzli shaxslari ishtirokidagi qisqa videoroliklar, JSST materiallari asosida ishlangan broshyuralar);
  • Shaxsan va ommaviy majburlash (niqobsiz shaxslarni niqob taqishga da’vat qilish, jamoat joylarida mikrofon yordamida e’lonlar berish);
  • Ishonchli yetakchilar tomonidan chorlash (juma namozlarida imomlar tomonidan niqob taqishning ahamiyati xususida ma’ruza qilinishi).


Shu bilan bir vaqtda, ushbu modeldan boshqa strategiyalar qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatishi mumkin yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida targ‘ibot qishloqlaridagi uy xo‘jaliklariga turli shakldagi rag‘batlantirishlar va xulq-atvorga ta’sir etish vositalari qo‘llangan. Jumladan, moddiy va nomoddiy rag‘batlantirishlar, ommaviy majburiyat yuklash, eslatma xabarlar yuborish va boshqalar.

Taqqoslash uchun tanlangan qishloqlarda esa niqobdan foydalanish odatiy tarzda davom etgan.

Natijalar

Targ‘ibotlar har 100 tadan 29 ta odamni niqob taqishga undadi, ijtimoiy masofalanish darajasini oshirdi, shuningdek, simptomatik SARS-CoV-2 infeksiyasi bilan zararlanganlar soni 9 foizga kamaydi. Ayniqsa jarrohlik niqoblari simptomatik SARS-CoV-2 infeksiyasi bilan zararlanishni kamaytirishda samarali bo‘lib, 60 yoshdan yuqori toifada simptomatik infeksiya xavfini 35 foizga qisqartirdi.

Targ‘ibot qishloqlarida niqobdan foydalanish darajasi 29 foiz bandga oshdi (taqqoslash qishloqlarida — 13 foiz, targ‘ibot qishloqlarida — 42 foiz). Ayniqsa masjidlarda niqobdan foydalanish darajasi oshdi (37 foiz bandga).

Niqob taqish yolg‘on xavfsizlik hissini uyg‘otishi va ijtimoiy masofalanmaslik kabi xatarli xatti-harakatlarga undashi mumkinligi to‘g‘risidagi farazlarga qaramay, targ‘ibot qishloqlarida ijtimoiy masofalanish darajasi oshdi. Ijtimoiy masofalanish darajasi o‘rtacha 5 foiz bandga ўсgaни holda, qishloqdagi ayrim hududlar kesimida farqlar kuzatilgan. Masalan, bozorlarda odamlar masofalanishga nisbatan ko‘proq moyil bo‘lsalar, masjidlarda bu borada o‘zgarish kuzatilmadi.

Targ‘ibotlar COVID-19 (simptomatik SARS-CoV-2 infeksiyalari) va COVIDga o‘xshash simptomlarni kamaytirdgan. O‘rtacha hisobda, simptomatik SARS-CoV-2 infeksiyalari 9 foizga, xususan, jarrohlik niqobidan foydalanilgan holatda yanada yuqoriroq — 11 foizga, 60 yoshdan yuqori kishilar orasida esa 35 foizga камайgaнлиги kuzatildi.

Rag‘batlantirishlar va xulq-atvorga ta’sir vositalari uy xo‘jaligi yoki jamiyat miqyosida niqob taqish yoki ijtimoiy masofalanish darajasining hech qanday qo‘shimcha ravishda o‘sishiga sabab bo‘lmadi.

Mazkur tadqiqotdan quyidagilarni xulosa qilish mumkin.

Birinchidan, jamiyat miqyosida niqob taqish COVID-19 holatlarini kamaytirishi mumkin. Jarrohlik niqoblari qo‘llanilgan holatda samara nisbatan yuqoriroq bo‘ladi.

Ikkinchidan, to‘rtta asosiy targ‘ibot elementlarini birgalikda qo‘llash («NORM modeli» — No-cost mask distribution, Offering information, Reinforcement to wear masks, and Modeling by local leaders) orqali jamiyat miqyosida niqob taqish darajasini oshirish mumkin.

To‘liq tadqiqotni quyidagi havolada o‘qish mumkin.