O‘zLiDeP s’ezdida ishtirok etayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida tuman va shahar hokimlarini saylashning yangi tartibini taklif etdi.

«Milliy taraqqiyotimizning bugungi yangi bosqichida ixcham, professional, xalqimiz talablariga javob beradigan, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, muhim vazifa bo‘lib turibdi», — dedi amaldagi davlat rahbari.

Mahalla jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylanishi uchun mahalla tizimining huquq va vakolatlari kengaytiriladi, uni moliyalashtirish manbalari va tartibi takomillashtiriladi. Bundan tashqari, mahallada fuqarolar uchun davlat va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, davlat organlariga mahalladan turib murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, tuman, shahar, viloyat vakillik va ijro hokimiyati tizimi qayta ko‘rib chiqilishi ham ma’lum qilindi.

Kelgusida, tuman va shahar kengashlarida kamida 2−3 nafar deputat doimiy asosda ishlaydigan tartib joriy etiladi. Ular muammolarni mahallabay o‘rganib, yechimini Kengash muhokamasiga kiritadi.

«Tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod tuman kengashida eng ko‘p deputatlik o‘rnini egallagan partiya guruhi tomonidan ilgari suriladi. Bunda, nomzod hududni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini xalq vakillari oldida himoya qila olgan taqdirda, hokim lavozimiga tasdiqlanadi. Kelajakda baribir hokimlar saylanadi, shu tizimga kelamiz», — dedi O‘zLiDeP nomzodi.

Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev viloyat, tuman va shahar hokimlarini xalq saylashiga to‘xtalgan edi.

«Baribir viloyat, tuman, shahar hokimlarini xalq saylaydi, qanday og‘ir bo‘lmasin shu kunga kelamiz. Xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat o‘zgaradi, — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Mart oyida prezident Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida ham ushbu masalaga to‘xtalgan edi. «Hokimlar ham saylansin, degan gaplar ham juda ko‘p aytilayapti. Buni men o‘zim ham aytganman. Lekin bir savol bor: hokimlarni saylashga biz hozir tayyormizmi? Biz bitta mahalla raisini ham adolatli saylay olmaymiz-ku. Men buni xohlamaymanmi? Juda ham xohlayman, men ham buni yaxshi tushunaman. Lekin kimni saylaymiz?», — deya ta’kidlagan edi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev hokimlarni lavozimga saylashni birinchi bor 2016 yilning dekabrida taklif etgan edi. 2017 yilning avgustida u hoziroq hokimlarni xalq saylashi tizimini joriy etishga tayyorligini bildirgan edi.

2020 yilning sentabr oyida davlat rahbari yana bir bor, «Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz», deya ta’kidlagan edi.

Hozirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, nomzodni davlat rahbari tavsiya etadi.

Deputat Rasul Kusherbayev xalq hokimlarni saylashga tayyor emasligi haqidagi fikrga ko‘shilmasligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ruxsat berayotganlarning o‘zi tayyor emas». «Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Qaysi ma’noda, ular xohlagan odamni, odamlar saylamasligi mumkin», — dedi u.