Jizzax viloyati Paxtakor tumanida 6 yoshli bola asfalt yotqizish mashinasi ostida qolib ketdi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Holat 7 sentabr kuni soat 17:10 atrofida Bog‘ishamol qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 2016 yilda tug‘ilgan T.Sh. velosipedi bilan mahalla hududida ish jarayonini o‘tkazayotgan asfalt yotqizish mashinasi orqa tomoniga yaqinlashgan. Haydovchi orqaga qarab harakatlangan paytida bola mashina bilan to‘qnashib, yiqilgan va texnika ostida qolib ketgan.

Oqibatda bola voqea joyida vafot etgan. Holatga haydovchining beparvoligi, ish vaqtida xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani, haydovchi oldida uni ogohlantirib turishi kerak bo‘lgan yordamchi ishchilarning yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Holat yuzasidan og‘ir texnika vositasi tegishli bo‘lgan firma rahbariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147-moddasi (Yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan 7 sentabr kuni Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.