Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining kelgusi besh yilga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida haqida ma’lumot bera turib, ta’lim tizimida qanday islohotlar amalga oshirilishiga to‘xtalib o‘tdi.

«Maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi. Buning uchun oxirgi uch yilda ochilgan 14 mingta xususiy bog‘chaga qo‘shimcha ravishda 7 mingdan ziyod yangi bog‘cha tashkil etiladi. Shuningdek, 2024 yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalar maktabgacha tayyorlov tizimi bilan to‘liq qamrab olinadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ana shu tadbirlar hisobidan kelgusi 5 yilda 45 mingdan ortiq xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

«Bog‘cha tizimi xodimlarining oylik maoshlari ham bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz — yetti yoshgacha bo‘lgan birorta ham farzandimiz, maktabga chiqqunga qadar e’tiborsiz va bilimsiz qolmasligi kerak», — dedi davlat rahbari.

Qolaversa, qishloqlarda maktablar ahvoli qoniqarli emasligi aytildi.

«Qishloqlardagi maktablar ahvoli, darsliklar qanday ekanini o‘zim bilaman. Shuning uchun barcha sa’y-harakatlarimizni maktab ta’limini rivojlantirishga yo‘naltiramiz. Agar maktab mukammal bo‘lsa, o‘qituvchi men aytgan 1000 dollar maoshni olsa, rozi bo‘lsa, hamma soha bo‘yicha rivojlanish bo‘ladi. Men bunga ishonaman», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, bolalar soni o‘sib borayotganini inobatga olib yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni ko‘paytirish, ta’lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturi ishlab chiqiladi.

Maktab ta’limi tizimi uchun o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ishlanib, 2026 yilga qadar amalda joriy etiladi.

Shu asosda, kelgusi besh yilda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish uchun maktablar rekonstruksiya qilinadi va yangidan barpo etiladi.

Shavkat Mirziyoyev oliy ta’limdagi o‘zgarishlar haqida gapirar ekan oliy ta’limga qamrov darajasini 50 foizga yetkazilishini ma’lum qildi.

2026 yilga qadar kamida 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglarga kiritiladi.

«Davlat oliygohlari bosqichma-bosqich mehnatga haq to‘lash, xodimlar soni, to‘lov kontrakt miqdori va ta’lim shaklini mustaqil belgilaydi. Ularning moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida, ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 25 foizdan 12 foizga tushiriladi, bo‘shagan mablag‘lar ta’lim muassasalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi», — dedi u.

Xususiy oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalarga ham, 7 yillik ta’lim kreditini olish tartibi joriy etiladi.

Talabalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun, kelgusi besh yilda qariyb 100 ming o‘rinli talabalar yotoqxonalari barpo etiladi.

Oliy ta’limda sifat va raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida 2026 yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkaziladi.

«Zamonaviy, erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida „El-yurt umidi jamg‘armasi“ orqali, ularni nufuzli xorijiy oliygohlardagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish ko‘lami 2 martaga oshiriladi», — dedi prezident.

Qayt etilishicha, ilmiy kadrlar tayyorlash va ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi.

Doktoranturaga qabul davlat buyurtmasi hamda manfaatdor tashkilotlar mablag‘lari hisobidan to‘lov-grantlari asosida joriy etiladi.

«Bulardan ko‘zlangan yagona maqsadimiz — ta’limning barcha bosqichidagi muassasalarni — Uchinchi Renessansning 4 ta uzviy halqasiga, bog‘cha tarbiyachisini, maktab muallimini, professor-o‘qituvchilar va ilmiy ijodiy ziyolilarimizni esa Yangi Uyg‘onish davrining 4 ta tayanch ustuniga aylantirishdir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jismoniy yetuk va barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha har ikki yilda o‘tkaziladigan umumrespublika sport o‘yinlari — Milliy olimpiada tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2024 yili Parijda bo‘ladigan olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etish uchun, tegishli «yo‘l xaritasi» qabul qilinadi.