Zeromax allaqachon bankrotlikka uchragan, biroq EY uchun savollar hech qayerga yo‘qolgani yo‘q, deb yozmoqda Financial Times, deya xabar qildi Spot.

Dunyoning eng yirik va mashhur firmalaridan biri hisoblangan EY Shveysariyadagi bo‘linmasining Zeromax auditori bo‘lgani hamda 2005, 2006 va 2007 yillarda unga clean bill of health (hammasi joyida ekani kafolatlanadi) sertifikatini bergani uchun bosimlar ostida qoldi.

Qayd etilishicha, Shveysariyaning huquqiy tizimi shaffof bo‘lmagani va korporativ ma’lumotlarni oshkor qilish rejimi tufayfli bu haqda hozirga kelibgina keng jamoatchilik xabardor bo‘lmoqda.

Zeromax 1999 yilda Delaverda (AQSh) ro‘yxatga olingan va 2005 yilda Shveysariyada qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. O‘shanda kompaniya bu «O‘zbekistonning qator sanoat sektorlariga investitsiyalarni yo‘naltirish» uchun amalga oshirilganini ma’lum qilgan edi.

Investorlar qo‘lida EY auditi to‘g‘risidagi xulosasi bo‘lgan kompaniya xizmatlaridan foydalanishni boshladilar.

FT tanishib chiqqan hisobotda Zeromax qulashidan to‘rt yil muqaddam kompaniya orqali katta miqdordagi mablag‘larning ofshorlarga o‘tkazilgani qayd etilgan.

Nashr jurnalistlari hujjatlar, jumladan politsiya hisobtlari, elektron yozishmalar va kvitansiyalarni o‘rganib chiqib, EY`ga nisbatan haqiqatan ham qator savollar borligini qayd etdilar. Chunki ko‘plab tranzaksiyalarni tijoriy xarajatlar deb aytish qiyin.

Masalan, 2006 va 2007 yillarda Zeromax qimmatbaho zebu ziynatlarga 13 mln dollar, jumladan, Jenevadagi Christian Dior do‘konida 2 mln dollar sarflagan. Kelgusi ikki yilda esa yana 25 mln dollar xarajat qilingan.

Financial Times nashrining yozishicha, EY ba’zida «konsultativ xizmatlar uchun» qabilidagi tijoriy takliflar ostida shaffof bo‘lmagan ofshor kompaniyalarga pul o‘tkazilganida xavotir bildirmagan.

2004−2007 yillar davomida Zeromax ofshorlarga eng kamida 288 mln dollar o‘tkazgan. Eng kamida bitta holatda jinoiy faoliyatda ishtirok etishi taxmin qilingan kompaniya — Galat Enterprises hisobiga pul jo‘natilgan.

Kamida bitta holatda EY`ga Zeromax ofshorga nomuntazam xarakterdagi pul o‘tkazgani haqida xabar topgan. 2008 yildagi eletkron xatda EY`ning yuqori lavozimli vakilidan kompaniya menejerlariga auditorlar va Shveysariya soliq organlariga Ystral kompaniyasi hisobiga 5,5 mln dollar o‘tkazilganiga izoh berish so‘ralgan.

«Biz ayrim savollarimizning „ta’sirchan mavzularga“ tegib ketishini tushunamiz. Xohlasangiz, yuqorida esga olingan mavjularni siz bilan muhokama qilamiz, bizga xabar qiling va biz uchrashuv/qo‘ng‘iroq tashkil etamiz», — deyiladi maktubda. Javob xatida Zeromax vakili ishga oid «ochiq» sabab ekanini aytadi.

Bu kabi shubhali kelishuvlar soni EY Zeromax bo‘yicha auditorlik hisobotlarini chiqarishni to‘xtatgan 2008 yilda, ayniqsa, ko‘paygan.

Hozirda ko‘plab yevropalik kreditorlar o‘z pullarini qaytarib olishga urinmoqdalar, 2019 yilda esa Amerikaning Lion Point Capital xej-fondi hattoki Zeromax`ning qoplanmagan qarzlar transhini sotib olib, 1 mlrd dollar miqdoridagi zararni qoplash to‘g‘risida sudga da’vo kiritgan.

Financial Times EY Switzerland`ga «Zeromax ishi» bo‘yicha so‘rov yuborib, kompaniyaning auditdagi roliga oid izohlariga e’tibor qaratdi:

«2010 yili O‘zbekistonda sud qarori bilan Zeromax aktivlarining ekspropriatsiyasi (majburiy tortib olish) va uning bankrotligiga olib keldi. Mazkur masala ayni vaqtda sudda ko‘rib chiqilmoqda va EY Switzerland bahsli da’volarga nisbatan o‘z pozitsiyasida qat’iy qolmoqda. Boshqa hech narsa ayta olmaymiz», — deya javob qilgan EY.