7 sentabrda O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 338 971 doza COVID-19ga qarshi vaksina qo‘llanildi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi. Ulardan:

  • 1-bosqich emlanganlar 48 510 nafarni,
  • 2-bosqich emlanganlar 233 296 nafarni,
  • 3-bosqich emlanganlar 57 165 nafarni tashkil qildi.

Ayni kungacha mamlakatda jami 15 mln 697 ming 086 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan:

  • 1-bosqich emlanganlar 9 mln 739 ming 950 nafarni,
  • 2-bosqichda emlanganlar 4 mln 442 ming 309 nafarni,
  • 3-bosqich emlanganlar 1 mln 514 ming 827 nafarni tashkil qildi.

Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 2 mln 547 ming 450 nafarни yoki O‘zbekiston aholisining 7,28 foizini tashkil qilmoqda (Davlat statistika qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining soni 35 mln 001 ming 896 nafar). Bu ko‘rsatkich emlash rejalashtirilgan 21 mln 455 ming 214 kishining 11,87 foizini tashkil etadi.

Jami emlanganlarning yuqori ko‘rsatkichi Farg‘ona (1 mln 800 ming 718 doza), Namangan (1 mln 754 ming 773 doza) va Andijon (1 mln 680 ming 061 doza) viloyatlarida qayd etildi.

Ma’lumot uchun, 5 sentabrga qadar Isroilda 59,09%, AQShda 52,80%, Turkiyada 45,23%, Buyuk Britaniyada 63,62%, Rossiyada 26,28%, Qozog‘istonda 29,74 aholi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.

O‘tgan yilning noyabr oyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov 2021 yilning iyungacha mamlakat aholisining 60 foizigachasini emlash rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq, 1 noyabrgacha O‘zbekiston aholisining 70 foizini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 6 sentabr kuni O‘zbekistonga yana 3 mln doza xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelindi.

Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 22 mln 446 ming 540 dozaga yetmoqda. Ulardan 18 mlni — ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi, 986 ming 480 dozasi — AstraZeneca (Covieshield, COVAX dasturi asosida bepul yetkazib berilgan), 460 mingtasi — Rossiyaning «Sputnik V» va 3 mln 60 dozasi Moderna vaksinasi hisoblanadi.