Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 sentabr kuni «Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Hujjatda qayd etilishicha, u soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish va soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan.

Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi. Xuddi shu sanadan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.

2022 yil yanvar — iyul oylarida eksperiment tariqasida Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida hisobda turgan soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan hisoblab chiqiladi va shakllantirib beriladi.

Eksperiment doirasida soliq organlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini — Kadastr agentligi organlari ma’lumotlari asosida, qo‘shilgan qiymat solig‘i esa aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni — elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa texnikasi ma’lumotlari hamda soliq organlarida mavjud boshqa ma’lumotlar asosida hisoblab chiqaradi va soliq hisobotini shakllantiradi.

Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchilar uchun belgilangan tegishli soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kamida 10 kun oldin soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.

Soliq to‘lovchi soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini olgan kundan boshlab 5 kun ichida uni tasdiqlaydi yoki, agar e’tirozlari mavjud bo‘lsa, uni rad etgan holda, soliq hisobotini qayta ishlaydi va o‘rnatilgan tartibda soliq organlariga taqdim etadi.

2022 yil 1 avgustga qadar eksperiment natijalarini chuqur tahlil qilgan holda uni respublikaning barcha hududlaridagi soliq to‘lovchilarga tatbiq etish hamda soliq organlari tomonidan soliq hisoboti shakllantiriladigan soliqlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha takliflar kirtitilishi kerak.

Davlat soliq qo‘mitasiga soliq to‘lovchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni hisoblash uchun zarur bo‘lgan soliq solish obyekti yoki soliq solish bilan bog‘liq boshqa obyektlarni elektron hisobvaraq-fakturalarda aks ettirish imkoniyatlarini yaratish vazifasi yuklatildi.

Farmon bilan shuningdek, qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida, shuningdek, soliq solish obyekti va (yoki) soliq solish bilan bog‘liq boshqa obyektlar bo‘yicha ma’lumot taqdim etish talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident avgust oyi oxirida tadbirkorlar bilan uchrashuvda «biznesga soliq yukini iloji boricha kamaytirish» maqsadida soliq sohasida bir qator o‘zgarishlar haqida e’lon qilgan edi.