Surxondaryo viloyatida To‘palang suv omboridan magistral suv quvurini yotqizish yo‘li bilan aholini toza ichimlik suvi bilan taminlaydigan yirik loyiha boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 44,6 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta’mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.

Avgustda prezidentga «O‘zbekgidroenergo» kompaniyasi boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan taqdimoti o‘tkazilgan loyihaga ko‘ra, «To‘palang» suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari quriladi. U yerdan tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. obyekt quvvati kuniga 200 ming kub metr suvni tashkil etadi.

Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Prezident innovatsion deb atagan loyihaning umumiy qiymati 138 mln dollarga baholanib, uni 2023 yilda (dastlab 2024 yilda deyilgan edi) ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Sariosiyo tumanida loyihani ishga tushirish marosimida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, viloyat hokimi To‘ra Bobolov, «O‘zbekgidroenergo» rahbari, senator Abdug‘ani Sanginov, aloqador vazirlik va idoralar, viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, sohamutaxassislari qatnashdi.

Loyihaning bosh buyurtmachisi — «O‘zsuvta’minot», bosh loyihachisi — «Gidroloyiha», bosh pudratchisi — To’palang HPD Platinum. «Gazeta.uz» loyiha qurilishi bo‘yicha tender o‘tkazilgani, hukumat yoki prezident hujjatlari haqidagi ma’lumotlarni topa olmadi. Davlat xaridlari portalida ham «O‘zsuvta’minot»ning loyihaga taalluqli buyurtmalari mavjud emas.

To’palang HPD Platinum kompaniyasi To’palang HPD Holding tarkibiga kiradi. «Gazeta.uz» avvalroq xolding prezidentning 2003 yil 24 yanvardagi farmoniga muvofiq «To‘palang suv ombori va GES qurilish»ning «To‘palangsuvGESqurilish» MCHJ etib qayta tashkil etilishi va 2017 yil dekabrida yana qayta tashkil etilishi («To‘palangGESqurilishning huquqiy vorisi hisoblanadi) natijasida shakllantirilgani haqida yozgan edi. Asosiy faoliyat turlari GES, suv xo‘jaligi inshootlari, to‘g‘onlar, gidrouzellar qurish, kanal va drenajlar qazish va boshqalardan iborat.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, To’palang HPD Holding direktori va ta’sischisi (61,7%) Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonov — «O‘zbekgidroenergo» rahbari Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li hisoblanadi. Boshqa ta’sischilar orasida Naimjon Jumayev (10,5%), Karimjan Ro‘ziyev (7,1%), Saidumar Xolov (4,2%) va yana 22 nafar jismoniy shaxslar (16,5%) mavjud.

Islom Abdurahmanov taqsimlash muhandislik inshootlari qurilishi bilan shug‘ullanuvchi Zafis-Avto Plus (100%) va Varis Business Complex (70%, ovqatlanish tashkilotlarining boshqa turlari) kompaniyalarida ulushlarga egalik qiladi.

Abdug‘ani Sanginov. Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.

Avvalroq uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Xidoyatov loyihalash ishlariga turkiyalik mutaxassislar jalb qilinishi haqida ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bir necha qismlarga ajratiladi va suvni yetkazib berish tumanlarga suv quvurlari yotqizilishi bilan boshlanadi.