Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Nodir Nurmatov tayinlandi. Bu haqda viloyat axborot xizmati xabar berdi.

Nodir Nurmatov 1979 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Ma’lumoti — oliy. 2002 yilda AQSh davlatidagi Nyu-York universitetining yuridik maktabi, 2005 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr va 2007 yilda ushbu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini Tashqi ishlar vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar investitsiyalar va savdo vazirligida olib borgan. Jumladan, 2016−2021 yillarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Avvalroq, 2018 yildan beri mazkur lavozimda ishlab kelgan Azim Axmedxadjayev Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.