8 sentabr kuni «Adolat» SDPning navbatdan tashqari qurultoyining yakunida partiya nomzodi Bahrom Abduxalimov jurnalistlarning bir qator savollariga javob berdi.

Jumladan, «Gazeta.uz» muxbiri «Adolat» va «Milliy tiklanish» partiyalari o‘rtasida bo‘layotgan mojaro, jumladan, Tergov qo‘mitasi g‘oyasini oldinroq o‘zining dasturida ko‘rsatib o‘tgan «Milliy tiklanish»dan «Adolat» o‘g‘irlagan bo‘lib qolmaydimi degan savol bilan yuzlandi.

««Milliy tiklanish partiyasi birinchi chiqdi va birinchi e’lon qildi» degan masala noto‘g‘ri. Bu uchta masala ham Adolat SDPning 2019 yilgi dasturida turibdi. Biz maqolamizda yozgan faktlardan ortga qaytmaymiz, uni yozayotgan davrda ham tekshirdik, «Milliy tiklanish»ning kechagi munosabatidan keyin ham tekshirdik. O‘rganish natijalari shundan dalolat beradiki, bu masalalar Adolat partiyasi dasturida o‘sha vaqtda ham qayd etib o‘tilgan, lekin Milliy tiklanish partiyasida bu shaklda bo‘lmagan. Shu nuqtai nazardan biz chiqargan maqolamizni to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Undan tashqari, agar shak-shubha bo‘ladigan bo‘lsa, ekspert guruhini tuzamiz, biz jurnalistlarni taklif qilgan holatda kim haq, kim nohaq ekanligini [aniqlashga]», — dedi u.

Milliy tiklanish partiyasi a’zosi Lobar Aliyeva ijtimoiy tarmoqlarda Adolat partiyasi Alisher Qodirovni ko‘chirmakashlikda ayblagan xabarni tarqatish uchun blogerlarga pul to‘laganligini iddao qilmoqda. Adolat partiyasi yetakchisi ushbu vaziyatga ham izoh berdi.

«Endi, bizni nomimiz Adolat, kim [pul] to‘lashidan qat’iy nazar biz to‘lamaymiz. Kimgadir yoki blogerlarga pul to‘lab ishimizni yurg‘izadigan bo‘lsak, biz o‘zimiz kurashayotgan korrupsiyani o‘zimiz boshlab bergan bo‘lamiz. Boshqa partiyalar bu masalada nima deb o‘ylaydi bilmayman, lekin bizni aniq pozitsiyamiz shundan iborat», — dedi nomzod.

Abduxalimov muxbirning ushbu voqealar ortidan yaqin orada Milliy tiklanish nomzodi bilan birinchilardan bo‘lib debat o‘tkazishi yoki yo‘qligi haqidagi savoliga ham javob berdi. «Debatni hamma bilan kutish mumkin, shu jumladan Alisher Qodirov bilan ham», — dedi partiya yetakchisi.

Shu kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyda Bahrom Abduxalimov «Adolat» partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi.

Avvalroq, prezidentlik saylovlarida «Adolat» partiyasidan nomzod Bahrom Abduxalimov saylovoldi jarayonlarda debatlar albatta o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. U o‘z raqiblari «yetarli kompetensiyaga ega ekanliklarini» va ular bilan o‘tkaziladigan debatlar «shubhasiz qiziq bo‘lishini» ta’kidladi.