Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 sentabr kuni «Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 oktabrdan yillik eksport hajmi 20 mln AQSh dollaridan oshgan korxonalarga eksport savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 5 mln AQSh dollarigacha miqdorda, bir yilgacha muddatga taqdim etiladi.

Shuningdek, farmonga muvofiq oxirgi 12 oy davomida 1 mln AQSh dollaridan ortiq tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kunga kechiktirish imkoniyati berilmoqda.

Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qo‘llanilishi 2021 yil 31 dekabrgacha to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 oktabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.

Farmonga asosan, Yevropa mamlakatlariga qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini kompensatsiya qilish tizimini bir yil muddatga joriy etiladi.

Sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyolar, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydigan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega davlatlar ro‘yxati tashkil etiladi.

Hujjatda belgilanishicha, tariq (TIF TN kodlari 1008 21 000 0, 1008 29 000 0), quritilgan dukkakli ekinlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 10 000 0), meva va yong‘oqlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 30 900 0) eksporti uchun prezident yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi.