JSST rivojlangan davlatlarni pandemiya davom etishida aybladi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 vaksinalarining zaxirasi pandemiyaning davom etishiga yordam berishini aytdi. «Bu [vaksinalar zaxiralari] shunchaki adolatsiz emas, axloqsiz ham emas, balki bu pandemiyani uzaytirmoqda», — dedi Mariya Van Kerxov, tashkilotning shoshilinch kasalliklar bo‘limining texnik guruhi rahbari. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi o‘z aholisining 57 foizini to‘liq emlagan, Fransiya va Buyuk Britaniyada esa ko‘shimcha (buster) dozalardan foydalanilmoqda. AQSh aholisiniing 53 foizi to‘liq vaksinatsiyadan o‘tgan bo‘lib, 1,3 mln kishiga buster dozalar qo‘llanilgan, deya keltiradi nashr. Shu bilan birga, Afrika o‘z aholisining atigi 3 foizini koronavirusga qarshi to‘liq emlagan. — CNBC.

4 avgust kuni JSST sentabr oyining oxirigacha har bir mamlakat aholisining 10 foizini emlashni rejalashtirgan holda, rivojlangan davlatlardan ortiqcha vaksinalarni kambag‘al mamlakatlarga taqdim etishni so‘ragan edi. Shuningdek, tashkilot dekabr oyida dunyo aholisining 40 foizini emlash uchun muddat belgilab qo‘ygan.


Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar

7 sentabr kuni «Tolibon» harakati Afg‘onistonning vaqtinchalik hukumati tarkibini e’lon qildi. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib Hasan Oxund, bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga Abdul G‘ani Baradar tayinlandi. Interfaksning mahalliy OAVga tayanib yozishicha, e’lon qilingan hukumatda, ikki asosiy pushtun qabilasi — durrani va gilzai vakillari bor, boshqa millat va elat vakillari yo‘q.

Dunyo hamjamiyati bunga fikr bildirdi:

  • Yevropa Ittifoqi yangi Afg‘oniston hukumatini na inklyuziv, na diniy yoki milliy nuqtai nazardan reprezentativ deb hisoblamaydi. Bu haqda TASS Yevropa hamjamiyati tashqi siyosat xizmati vakilining bayonotiga tayanib xabar bermoqda. «E’lon qilingan tayinlashlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, bu biz ko‘rmoqchi bo‘lgan Afg‘onistonning boy etnik va diniy xilma-xilligini aks ettiruvchi, shuningdek, „Tolibon“ so‘nggi haftalarda tashkil qilishga va’da bergan inklyuziv va reprezentativ tuzilishga o‘xshamaydi», — deyiladi bayonotda. 2−3 sentabr kunlari Lyublyanada bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining norasmiy yig‘ilishida ittifoq mamlakatlari «inklyuziv va reprezentativ» hukumat tashkil etishni o‘z ichiga olgan mezonlarga asoslanib, Afg‘onistonning yangi hukumatini siyosiy tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilishgan edi.
  • Italiya tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro hamjamiyat uchun yomon signal deb atadi. «Bu soatlarda tuzilayotgan hukumat terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan bosh vazir [Muhammad Hasan Oxund BMT sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan], shuningdek, FBR qidiruvida bo‘lgan ichki ishlar vaziridan [Sirojuddin Haqqoniy] iboratdir. Bu xalqaro hamjamiyat uchun juda yomon signal ekanligi aniq va ravshan», — dedi u.
  • Buyuk Britaniya yaqin kelajakda «Tolibon» harakati tomonidan tuzilgan Afg‘onistonning vaqtinchalik hukumatini tan olish istagida emas. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi TASS’ga xabar berdi.
  • AQSh «Tolibon» tashkil qilgan Afg‘oniston muvaqqat hukumatida ayrim shaxslarning tayinlanishidan xavotirda. Bu haqda TASS’ga AQSh Davlat departamenti matbuot xizmatidan ma’lum qilishdi. «Biz bu bayonotni ko‘rdik va uni baholayapmiz. E’lon qilingan ro‘yxat faqat „Tolibon“ a’zolari yoki ularning yaqin sheriklaridan iborat bo‘lib, ayollar yo‘qligiga e’tibor qaratdik. Biz, shuningdek, ularning ba’zilarining aloqalari va tajribasidan xavotirdamiz», — dedi vakil nashrga. Idoraning ta’kidlashicha, Vashington gap vaqtinchalik hukumat haqida ketayotganini tushunmoqda. «Biroq biz «Tolibon»ga so‘zlari bilan emas, harakatlari bilan baho beramiz. Biz afg‘on xalqi inklyuziv hukumatga loyiq ekanini aniq ko‘rsatdik», — deyiladi Davlat departamentida.
  • Xitoy hukumati «Tolibon» tomonidan tuzilgan Afg‘onistonning yangi hukumati bilan muloqotga tayyor, deya ma’lum qildi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin. «Biz Afg‘onistonning yangi hukumati rahbariyati bilan muloqotni davom ettirishga tayyormiz», — dedi u. Pekin Afg‘onistondagi yangi hokimiyat «xalq manfaatlarini inobatga olib, xalqaro hamjamiyat kutganidek harakat qiladi» deb umid qilmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha mamlakat qo‘shnilari bilan jiddiy konsensusga erishgan. «Biz qo‘shni Afg‘oniston davlatlari vakillari bilan fikr almashdik va Rossiya bilan tegishli masalalar bo‘yicha muloqotni davom ettirmoqdamiz. Biz ahamiyatli konsensusga erishdik», — dedi Venbin. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, «Afg‘onistonda tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda» va bu vaziyat mintaqadagi qo‘shni davlatlarni katta tashvishga solmoqda. «5 sentabr kuni Pokiston boshchiligida Xitoy, Eron, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston maxsus vakillar darajasida yig‘ilish o‘tkazib, afg‘on muammosi bo‘yicha tegishli masalalarni muhokama qilishdi», — dedi Xitoy TIV vakili. Ma’lum qilinishicha, Xitoy Afg‘onistonga 200 mln yuan (taxminan 30 mln dollar) miqdorida shoshilinch gumanitar yordam taqdim etadi.
  • Afg‘oniston milliy qarshilik fronti (MQF) «Tolibon» tuzgan muvaqqat hukumatni tan olishdan bosh tortdi va harakatga qarshi kurash davom etayotganini e’lon qildi. «MQF «Tolibon»ning muvaqqat hukumatni e’lon qilishini noqonuniy deb hisoblaydi va bu harakatning afg‘on xalqiga dushmanligining yaqqol belgisidir», — deyiladi xabarda. Qarshilik pozitsiyasiga ko‘ra, toliblarning hokimiyatda qolishi «Afg‘oniston, mintaqa va butun dunyo barqarorligi va xavfsizligiga tahdid solmoqda». Hokimiyatning qonuniy qolishiga faqat umumiy saylovlarda umumiy ovoz berish orqali erishish mumkin, deb ta’kidlanadi bayonotda.
  • Afg‘onistonning BMTdagi doimiy vakili G‘ulom Isxakzay BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida «e’lon qilingan hukumat tarkibini inklyuziv emas» deb aytdi. «Tolibon bugun yangi hukumat tarkibini e’lon qildi. Uni xohlagancha atash mumkin, lekin inklyuziv emas», — dedi u. «Biz BMTning barcha a’zolarini Afg‘onistonda tinchlik madaniyatini targ‘ib qilishda yordam berishga chaqiramiz. Sizdan Islomiy Amirlikni tan olmaslikni davom etishingizni, «Tolibon» xalqaro inson huquqlari me’yorlarini buzgani uchun javobgarlikka tortishingizni va inklyuziv hukumat tuzilishini talab qilishingizni so‘raymiz. Sizdan ayollar va qizlarning huquqlari borasida qizil chiziq chizishingizni so‘raymiz, — deya murojaat qildi u assambleya ishtirokchilariga.
  • Afg‘oniston parlamenti quyi palatasi bosh kotibi Abdul Qodir Zazay Vatandostning fikricha, «Tolibon»ning hozirgi hukumati ikki yilgacha davom etishi mumkin. «Afg‘onistonning tarixiy amaliyotiga asoslanib, menimcha, toliblar o‘tish davri hukumatini kamida ikki yil saqlab qoladi. Keyin konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilgach, menimcha, ular saylovni e’lon qilishlari mumkin. Umid qilamanki, prezident va parlament saylovi o‘tkaziladi, dedi u. Parlament a’zosi «Tolibon» hukumati tarkibi haqida gapirar ekan, «bu hukumat qanchalik professional yoki inklyuziv ekanligini aytishga erta», deb ta’kidladi. «Menimcha, biz bu hukumatga qanday mas’uliyatli ekanini va qanday choralar ko‘rishini ko‘rsatish uchun uch oy vaqt berishimiz kerak. Keyin biz bu jihatlarni tahlil qila olamiz», dedi u TASSga.

Bundan tashqari:

  • «Tolibon» hukumati Islom qonunlariga zid bo‘lmagan xalqaro huquqiy normalarga amal qiladi, deya ta’kidladi harakatning oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda. «Kelgusida Afg‘onistonda hukumat va hayotning barcha masalalari muqaddas shariat qonunlari bilan tartibga solinadi», — deyiladi oliy rahbar bayonotida. Shu bilan birga, Oxundzoda «Tolibon»ning «Islom qonunlariga zid bo‘lmagan» xalqaro huquq qoidalarini bajarishga tayyorligini aytdi. Harakat rahbari, shuningdek, Afg‘oniston xalqini «chet el hukmronligidan» qutulgani bilan tabrikladi.
  • «Tolibon» AQSh rahbariyatiga murojaat qilib, yangi hukumatga muzlatib qo‘yilgan 10 mlrd dollarlik Afg‘oniston davlat zaxiralaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etishni so‘radi. Bu haqda qochoqlar ishlari bo‘yicha vazir etib tayinlangan Xalilurrahmon Haqqoniy ma’lum qildi. Unga ko‘ra, toliblar Vashingtondan «Afg‘onistonni qayta tiklash uchun ajratilgan milliardlab dollarlarni» ham qaytarishni so‘ragan. Shuningdek, Haqqoniy AQSh va BMT «Tolibon» rahbarlarining ismlarini qora ro‘yxatlardan olib tashlash va harakat bilan aloqalarni tiklashga chaqirdi.
  • Ayollar, jumladan, milliy terma jamoalarning ayol sportchilari Afg‘onistonda sport bilan shug‘ullana olmaydi, deya ta’kidladi «Tolibon» madaniy komissiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahmadulloh Vasik. «Menimcha, ayollarga kriket o‘ynashga ruxsat berilmaydi, chunki ayollar kriket o‘ynashi shart emas. Kriketda ular yuzi va tanasi yopilmagan vaziyatga duch kelishi mumkin. Islom ayollarga shunday ko‘rinishga ruxsat bermaydi. Bu fotosuratlar va videolar OAVda paydo bo‘ladi va odamlar ularni tomosha qiladi. Islom va Islom Amirligi ayollarga kriket o‘ynashiga yoki ularning yuzlari va qomatlari ko‘rinadigan sport bilan shug‘ullanishiga ruxsat bermaydi», — dedi Vasik. U, shuningdek, Islom ayollarga faqat kerak bo‘lganda ko‘chaga chiqishga ruxsat berishini, sport esa zarurat emasligini ta’kidladi.
  • Gumanitar yordam rejasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti yil oxirigacha Afg‘onistondagi 11 mln aholiga yordam berish uchun 606 mln dollardan foydalanmoqchi. 10,8 mln kishiga oziq-ovqat yordami ko‘rsatish rejalashtirilgan, sog‘liqni saqlash tadbirlari esa 3,4 mln kishini qamrab oladi.

Grenlandiyadagi muzlar erishi — qaytarilmas fojia

Grenlandiyada 2021 yilda ahamiyatli darajada muz erishi kuzatilmoqda. Daniya tadqiqotchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, shu yilning iyul oyida Grenlandiya muzliklarida AQShning butun Florida shtatini besh santimetr suv bilan qoplash uchun yetarlicha muz erigan. Avgust oyida Grenlandiya muzliklarida oxirgi o‘n yil ichida uchinchi marotaba havo harorati noldan yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarildi. Tarixda ilk bor yog‘ingarchilik qor emas, yomg‘ir shaklida tushgan. Ta’kidlanishicha, global isish sharoitida muz qoplamining kamayishi qaytarilmas holatga aylandi. — Interfaks.

Foto: Mario Tama/Getty Images

Foto: Mario Tama/Getty Images

Foto: Mario Tama/Getty Images

Foto: Mario Tama/Getty Images


Shuningdek:

  • Indoneziyaning Banten provinsiyasi Tangerang shahridagi qamoqxonada sodir bo‘lgan yong‘in natijasida 40 dan ortiq odam halok bo‘ldi. O‘nlab odamlar jarohat oldi. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda.
  • Rossiya favqulodda vaziyatlar vaziri Yevgeniy Zinichev Arktika zonasida o‘tkazilgan mashg‘ulot paytida inson hayotini saqlab qolib, o‘zi halok bo‘ldi.