Polsha O‘zbekistonga 250 ming doza COVID-19 vaksinasini yetkazib beradi. Bu haqida «Dziennik gazeta prawna» gazetasi bergan ma’lumotga tayanib polandin.com xabar qildi.

Avgustda Polsha harbiy havo kemalari polyak xizmatchilarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilishi jarayonida O‘zbekiston hukumati o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat bergan edi.

Navoiydagi O‘zbekiston havo hududi evakuatsiya jarayonlari uchun tranzit nuqtasi vazifasini o‘tagan. Harbiy havo kemalari Kobul-Navoiy yo‘nalishida uchishi, u yerdan Varshavaga fuqarolik samolyotlari parvoz qilishi rejalashtirilgan edi.

Polsha prezidenti Andjey Duda va prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zaro muloqotidan so‘ng Polsha harbiy havo kemalariga O‘zbekiston havo hududida uchishga ruxsat berildi.

Insonparvarlik yordami sifatida yetkazib berilishi kutilayotgan 250 ming doza vaksina O‘zbekistonga Polsha fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilishdagi hamkorligi uchun minnatdorchilik ramzidir.

«Biz shu kungacha ko‘plab mamlakatlarga yordam berdik. Ukrainaga, Vetnamga, Avstraliyaga vaksinalar yetkazib berdik. Ba’zilari sotildi, ba’zilari xayriya qilindi. Siyosiy aloqalar va insonparvarlik zaruratlari nuqtai nazaridan O‘zbekistonga ham vaksina yetkazib berishga qaror qildik», degan Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Rafav Pjidach DGPga bergan intervyusida.

Xabarda aynan qaysi vaksina yetkazib berilishi haqida ma’lumot berilmagan.