Qo‘lda terilgan har kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 avgustdagi yig‘ilish bayonida aytilmoqda, deya xabar berdi Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi axborot xizmati.

«Joriy yilda yetishtirilgan paxta xomashyosining nest-nobud qilmasdan, uyushqoqlik bilan qo‘l mehnati va terim mashinalari yordamida terib olish choralari ko‘riladi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari, paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklar hosilni qisqa fursatda yig‘ishtirib olish maqsadida belgilangan narxlardan kam bo‘lmagan holda mustaqil narx belgilashlari tavsiya etiladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan jalb etilgan ishsiz fuqarolardan iborat terim otryadlari rahbarlariga mavsum yakuniga qadar 2 mln so‘mdan mehnat haqi beriladi.

Shuningdek, terim ishlariga 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, budjet va nobudjet yoki xo‘jalik hisobidagi tashkilot xodimlari va harbiylarni terim tadbirlari, umuman har qanday majburiy mehnatga jalb etish qat’iyan man etiladi.