Qonunchilik palatasida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bukmekerlik faoliyatini huquqiy tartibga solish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda partiya axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan bukmekerlik faoliyatini qonun jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi masala o‘rganib chiqilgan.

Tahlillar davomida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmlari, xususan, faoliyat yuritish talablari, ruxsat berish tartib-taomillari, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishdagi cheklovlar ijtimoiy munosabatlar qonun bilan tartibga solinmaganligi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida«gi qonun loyihasini tayyorlash hamda loyihaga ko‘ra ba’zi qonunlariga, xususan, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Soliq kodeksi va boshqa qonunlarga bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmlari, xususan, faoliyat yuritish talablari, ruxsat berish tartib-taomillari, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishdagi cheklovlar nazarda tutuvchi normalarni kiritish taklif etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbusni amalga oshirish orqali bukmekerlik sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga erishiladi.

«Rozilik berilgan taqdirda, institut hamda mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuziladi va tegishli qonun loyihasi tayyorlanadi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini litsenziya bilan amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» bugunga qadar mamlakat hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun hech kimga litsenziya berilmagani haqida yozgan edi.