BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili o‘rinbosari va insonparvarlik masalalari bo‘yicha koordinator Ramiz Alakbarov Afg‘onistonda oziq-ovqat zaxiralari sentabr oyida tugashi mumkinligini ma’lum qilib, xalqaro hamjamiyatni mamlakatni qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirishga chaqirdi.

Uning ta’kidlashicha, BMT «yetkazib berish qarori»da qat’iy bo‘lsa-da, omon qolish uchun yordamga muhtoj bo‘lgan millionlab odamlarni qamrab olish uchun ko‘proq mablag‘ zarur.

Ramiz Alakbarovga ko‘ra, mamlakatda besh yoshdan kichik bolalarning yarmidan ko‘pi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda, aholining uchdan bir qismidan ortig‘i yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlanmagan.

«Afg‘onistonni ayni paytda mamlakat muhtoj bo‘lgan muhim vositalar bilan ta’minlashda zarur qadamlarni qo‘yish orqali yaqinlashayotgan gumanitar halokatga yuz tutishining oldini olish nihoyat darajada muhim. Bu o‘ta muhtoj qatlamni oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash va muhofaza qilish xizmatlari hamda nooziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni anglatadi» — dedi u.

Yaqin kunlarda janubiy Afg‘onistondagi Mozori-Sharif aeroportida BMT tomonidan taqdim qilingan tibbiy ta’minot vositalari qabul qilib olindi. Shu bilan bir paytda, Pokiston chegaralari orqali qariyb 600 tonna atrofidagi oziq-ovqat mahsulotlari yuk mashinalari vositasida yetkazib berildi.

Foto: WFP/Arete/Andrew Quilty

BMT guruhlari aholiga, shu jumladan, Kobul aeroportidagi 800 ga yaqin bolalarga ichimlik suvi va kanalizatsiya, shuningdek, xavfsizlik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini berib kelmoqda.

Shunga qaramay, Alakbarov Butunjahon oziq-ovqat dasturi doirasidagi zaxiralar sentabr oxirigacha tugashi ehtimoli mavjudligini ta’kidlagan.

«Hozirgi mavjud talabni qondirish uchun eng zaif aholi qatlamini oziq-ovqat bilan ta’minlash imkonini beruvchi oziq-ovqat sektorining o‘ziga kamida 200 million dollar kerak», — deya qo‘shimcha qilgan u. — «Va eng himoyaga muhtoj qatlam — bu bolalardir».

BMT yaqin kunlarda Afg‘oniston masalasida tezkor chaqiriq bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

BMTning ikkita «yirik» a’zo davlatlari o‘z moliyaviy yordamini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, insonparvarlik masalalari bo‘yicha koordinator bu hali yetarli emasligini aytdi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hatto hozirgi noroziliklardan oldin ham 18 millionga yaqin odam yoki aholining yarmi birlamchi ehtiyojlarini qondirish uchun shoshilinch yordamga muhtoj edi. Yil boshida so‘ralgan 1,3 mlrd dollarlik moliyalashtirishdan hozirga kelib 400 mln dollardan kam mablag‘ jalb etilgan xolos.

Ayni paytda, gumanitar yordamlar mamlakatning aksariyat qismiga kirib borganligi va 403 tumandan 394 tasida faoliyat olib borayotganligi aytildi.