«Adolat» SDP 2021 yilgi prezidentlik saylovlariga partiya rahbari Bahrom Abduhalimovni nomzod sifatida rasman tasdiqladi. Bu 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan partiyaning X Qurultoyida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Adolat — hayotimizning bosh mezoni deb nomlangan saylovoldi dasturimizni taqdim etmoqdamiz. U 11 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, 60 ga yaqin takliflarni o‘z ichiga olgan… Adolatli jamiyat va adolatli davlat qurishni o‘zimizning bosh maqsadimiz deb bilamiz. Biz shaxs daxlsizligi, shaxsiy daxlsizlik, fuqarolarning siyosiy huquq va erkinliklarini, erkin so‘zlash va fikr bildirish huquqlarini himoya qilish, jurnalist va blogerlarni himoya qilishda aniq choralarni ko‘ramiz», — dedi Bahrom Abduxalimov

Nomzodning saylovoldi dasturidan shuningdek, korrupsiya va har qanday ko‘rinishdagi «samosud» uchun qat’iy jazo belgilash, Tergov qo‘mitasini tashkil etish, oliy ta’lim kvotalarini butunlay yo‘q qilish va reytingi yuqori bo‘lgan talabalarni bepul ta’lim olishini ta’minlash, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirliklarini yagona — Ta’lim vazirligiga aylantirish kabilar o‘rin olgan.

Shuningdek, dasturda olimlarni, har qanday ixtiro va ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish bo‘yicha «Milliy dastur yaratish, dori-darmon spekulyatsiyasiga chek qo‘yish, tarixiy qadriyatlarga asoslangan «Jamiyatda yurish-turish, odob-ahloq qoidalari» kodeksini yaratish, har bir insonni hammabop va hamyonbop uylar bilan ta’minlash, uy-joylarning narxini keskin kamaytirish, bog‘chalarga hozirgidek uch yoshdan emas, ikki yoshdan boshlab, hech qanday navbatlarsiz yuz foiz qamrab olish rejalari ham aks etgan.

Bahrom Abduxalimov 1959 yil 27 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan. FA Sharqshunoslik institutida kichik, o‘rta, katta ilmiy xodimi, bo‘lim mudiri, olim, fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari va direktori lavozimlarida ishlagan.

O‘zbekiston prezidenti Davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan. 60 dan ziyod ilmiy asarlar, shu jumladan, 2 ta monografiya muallifi. Bitta doktorlik, uchta fan nomzodlarini tayyorlagan.

2020 yilga qadar Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti bo‘lgan.