8 sentabr kuni «Adolat» partiyasining navbatdagi qurultoyida partiyaning prezidentlikka nomzodi Bahrom Abduxalimov saylovoldi jarayonlar paytida debatlar o‘tkazilishini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Bahrom Abduxalimovning so‘zlariga ko‘ra, debatlar demokratik saylovlarning asosiy elementi, shuning uchun oxirgi saylovlar ham debatlarning zarurligini ko‘rsatgan.

«Umuman olganda O‘zbekiston debatlar o‘tkazish bo‘yicha asta-sekin rivojlanmoqda. 2019 yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlar (parlament saylovlari — tahr.) „Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar“ shiori ostida o‘tkazilgan edi. Yangi saylovlar, yangi kodeks (Saylov kodeksi — tahr.) debatlar o‘tkazilishini nazarda tutadi. Debatlar albatta bo‘ladi, bizni bunga ishonchimiz komil», — dedi u.

Bahrom Abduxalimovning ta’kidlashicha, prezidentlikka boshqa to‘rt nomzodning barchasi «juda yaxshi va yetarli kompetensiyaga ega yetakchilar» hisoblanadi.

«Ular o‘z yo‘nalishlaridan tashqari siyosiy ishlarda ham tajribaga ega insonlar. Shuning uchun ular bilan debatlar qiziq bo‘ladi, meni bundan shubham yo‘q. Shu sababli, kim yaxshi, kim kamroq kompetensiyaga ega ekanligini ajratib ko‘rsatish juda qiyin bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, ushbu savolga javobni o‘sha debatlarga kelib topa olasiz», — deya qo‘shimcha qildi u.