Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ijtimoiy tarmoqlarda vaksina olgandan keyingi noxush holatlar bo‘layotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Afsuski, negadir aholimiz orasida qandaydir kuzatilayotgan noxush holatlar yoki o‘lim holatlarini vaksina bilan bog‘lab turib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan video bilan bog‘layotganliklarini tushunish juda ham qiyin. Hozirgi kunga qadar ijtimoiy tarmoqlardagi videomurojaatlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishchi guruhlar tuzilib, o‘rganishlar olib borildi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, o‘rganishlar bu kabi noxush holatlarning birortasi vaksina bilan bog‘liq emasligini tasdiqlagan. Qo‘shimcha qilinishicha, bugunga kunga qadar O‘zbekistonda vaksina tufayli birorta o‘lim holati kuzatilmagan.

«Vaksina ishlab chiqaruvchilar tomonidan belgilangan yo‘riqnomada kuzatilishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar va o‘lim holatlari — bu vaksina olgandan so‘ng 1 soat davomida anafilaktik shok, ya’ni kuchli anafilaktik reaksiya oqibatida o‘lim kuzatilishi mumkin. Yoki 3 kun davomida vaqtinchalik o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan belgilar haqida yozib o‘tilgan», — deydi Sevara Ubaydullayeva.

Shuningdek, SSV tomonidan ishlab chiqilgan yo‘riqnomaga asosan vaksinaga qarshiliklari mavjud bo‘lgan aholi emlanmayotganligi aytildi.

«Ya’ni bunday noxush holatlarning oldini olish mumkin bo‘lgan barcha tadbirlarni o‘z vaqtida olib borishga harakat qilinyapti», — deya qo‘shimcha qiladi koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi.