Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlari taktikani o‘zgartirmoqda, dedi ularning vakili Ali Maisam Nazari. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Mujohidlar «Tolibon» bilan partizan urushiga o‘tmoqda; hozir ular tog‘larga chekinmoqdalar, u yerdan ular qarshilik ko‘rsatishda davom etadilar, deya tushuntirdi u.

Avvalroq, qarshilik kuchlari rahbari Ahmad Massud barcha afg‘onlarni hokimiyatni qo‘lga olgan harakatga faol qarshilik ko‘rsatishga chaqirgan edi. Aks holda, uning fikricha, mamlakat «qoloq, qorong‘i va har qanday madaniyatdan uzoqda» bo‘lib qolish xavfini tug‘diradi.

Eslatib o‘tamiz, Panjsher viloyati «Tolibon» nazorati ostida bo‘lmagan yagona provinsiya edi. Avvalroq «Tolibon» Panjsherda 200 ga yaqin odam, jumladan 30 qarshilik qo‘mondoni ularga taslim bo‘lganini, qurol va o‘q -dorilar musodara qilganini ma’lum qilgan.

Bir necha kundan buyon toliblar mazkur provinsiyaga hujum qilishmoqda. Mojaro taraflari navbatma-navbat ustunlikni qo‘lga kiritayotganliklarini e’lon qilib kelishmoqda. Yangi hokimiyat Panjsherni o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi, lekin keyinchalik bu ma’lumot rad etildi.