«Tolibon» Afg‘onistondagi qarshiliklarning oxirgi tayanchi bo‘lgan Panjsher provinsiyasini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda RBK Al Arabiya ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda. Nashr harakat vakili Zabihulloh Mujohid bayonotiga asoslanib xabar bergan.

«Bu g‘alaba tufayli mamlakatimiz urush botqog‘idan chiqdi», — deb yozadi Mujohid.

Ijtimoiy tarmoqlarda Panjsher gubernatori qarorgohi darvozasi oldida turgan toliblar suratlari paydo bo‘lgan. Shuningdek, ba’zi videolarga qaraganda, jangarilar provinsiyada o‘z bayrog‘ini ko‘tarishgan.


Foto:twitter/theragex

Ammo xuddi oldingi holatlarda bo‘lgani kabi, qarshilik kuchlari jangarilarning bayonotlarini inkor etdilar. Ular Panjsher vodiysi bo‘ylab «strategik pozitsiyalarni» egallab turganliklarini va «Tolibon»ga qarshi kurashni davom ettirishlarini e’lon qilishgan.

Qarshilik kuchlari avvalroq 6 sentyabrda janglarda katta yo‘qotishlarga duch kelganini tan olgan va «Tolibon»ni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Milliy qarshilik fronti vakili Faxim Dashti bir kun oldin o‘ldirilgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, avvalroq o‘zini prezident v.b. deb e’lon qilgan Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih Panjsherdan Tojikistonga jo‘nab ketdi.

Bir necha kundan buyon toliblar Panjsher provinsiyasiga hujum qilishmoqda. Mojaro taraflari navbatma-navbat ustunlikni qo‘lga kiritayotganliklarini e’lon qilib kelishmoqda.