6 sentyabr kuni Toshkent metropolitenida o‘tgan haftada keltirilgan yangi metro poyezdlari ekspluatatsiyasi boshlandi, deya xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati.

Qayd etilishicha, yangi poyezdlarning sozlash ishlari yakunlangach, eng ko‘p yo‘lovchilar oqimiga ega bo‘lgan Chilonzor yo‘nalishida uchta harakat tarkibi o‘z ishini boshladi. Qolgan yana ikkita metro poyezdi yaqin orada ushbu yo‘nalishda harakatlanadi.

Xabarga ko‘ra, Chilonzor yo‘nalishida ertalabki tig‘iz vaqtda soat 07:30 dan 9:00 gacha poyezdlar orasidagi interval 3 daqiqani va kechqurungi tig‘iz vaqtda 16:30 dan 19:30 gacha 4 daqiqani tashkil etilmoqda.

Avgust oyining oxirida Rossiyadan O‘zbekistonga 20 ta yangi metro vagonlari (to‘rt vagonli beshta poyezd) olib kelindi. Poyezdlar Rossiyaning “Metrovagonmash” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan. Yil oxiriga qadar ushbu modifikasiyadagi yana 20 ta metrovagoni Toshkentga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Foto: “Transmashxolding”