4 sentyabr kuni Toshkentda Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining 46-yillik yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.

Anjuman davomida ITBga a’zo mamlakatlarning karantin cheklovlari paytida aholini himoya qilishni ta’minlash, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish va global iqtisodiy inqiroz sharoitida xalqaro hamkorlikning yangi sxemalari va mexanizmlarini yaratish kabi inqirozga qarshi choralarni qo‘llash tajribasini muhokama qilish uchun platforma bo‘lganligi ta’kidlandi.

Bir qator mavzularga oid panel muhokamalari va munozaralari bo‘lib o‘tdi, ularda COVID-19 oqibatlariga qaramasdan barqarorlikni yuksaltirish chora-tadbirlari, xalqaro hamkorlik masalalari, iqtisodiyotni qayta ishga tushirish va tiklash mexanizmlari, investitsiyalarni jalb qilish va koviddan keyingi davrda savdoni faollashtirish, biznesni raqamlashtirish, iqtisodiyotning turli sohalariga innovatsiyalarni joriy etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda bandlikni oshirish yo‘llari va boshqa tegishli mavzular ko‘rib chiqildi.

Yillik anjuman yakunida O‘zbekiston hukumati, Saudiya Arabistoni va ITB tomonidan 100 million dollarlik boshlang‘ich sarmoyaga ega O‘zbekiston Iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) va «Trastbank» o‘rtasida 15 mln dollar miqdorida savdoni moliyalashtirish liniyasini ochish to‘g‘risida bitim imzolandi. Shuningdek, «Turonbank» bilan hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS)ga muvofiq amalga oshirishda texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida bitim ham imzolandi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining qishloq infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun ushbu hududlar aholisining hayot sifatini oshirishga qaratilgan «Obod Kishlok» dasturi doirasida jami 200 mln dollarlik kredit shartnomasi imzolandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston onkologik xizmat ko‘rsatish muassasalarini jami 80 million dollarlik zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha kredit shartnomasi imzolandi. Natijada kasalliklarni tashxislash samaradorligini sezilarli darajada oshirish hamda bemorlarni muvaffaqiyatli sog‘lomlashtirish imkoniyatlari oshadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida Islom bankingi va moliyasi uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish bo‘yicha grant Bitimi imzolandi. Uning natijasida O‘zbekistonda Islom moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish imkoni yaratiladi.


Shuningdek, Xalqaro Islom akademiyasi va ITB tomonidan Akademiya negizida Islom taraqqiyotining «aqlli» sinfini yaratish uchun texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

Imzolangan shartnomalarning umumiy miqdori 330 million dollardan oshdi.