O‘zbekistonda saylovchilar soni 21,2 million kishidan oshgan. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev Toshkentdagi xalqaro konferensiyada ma’lum qildi.

MSK raisining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga 21 million 249 ming 921 nafar saylovchi kiritilgan. Ulardan 6 million 993 ming 924 nafarini (qariyb 33 foizi) 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

880 ming 155 nafar yoshlar bu yil ilk marotaba o‘zining saylov huquqidan foydalanadi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev. Foto: MSK.

Zayniddin Nizomxadjayev saylovlarni o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibidagi 31 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar soni-salmog‘i 9 foizni tashkil etishini, 41 yoshgacha bo‘lganlar esa 28 foizgacha yetishini ta’kidladi.

Shuningdek, MSK raisining ta’kidlashicha, saylovda dunyoning 50ga yaqin mamlakati hamda o‘nlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 22 dekabrda bo‘lgan parlament saylovlarida jami 13 mln 963 ming 627 nafar saylovchi (67,8%) qatnashgan.

2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida esa saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 mln 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 mln 951 ming 667 nafari (87,73%) ishtirok etgan.