3 sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportida yangi uchib ketish zalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, yangi uchib ketish zalida «yo‘lovchilarga barcha qulayliklar yaratish maqsadida» zamonaviy uskunalar, «yashil» va «qizil» yo‘laklar, yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish uchun 12 ta ro‘yxatga olish hisoblagichi o‘rnatilgan. Shuningdek, 6ta pasport va chegara nazorati punkti, ochiq Wi-Fi tarmog‘i, Duty Free do‘konlari, kafe, ona va bola xonasi, teleskopik trap uchun chiqish zonasi va avtobuslarga chiqish uchun 2 ta geyt (darvoza) mavjud. Shuningdek, ushbu zalning 2 ming kvadrat metr maydoni tadbirkorlik faoliyati uchun taqdim etilishi rejalashtirilgan.

«Amaldagi xalqaro aviayo‘nalishlar uchish zali rekonstruksiyasining ikkinchi bosqichi joriy yilning oktyabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan va u 2022 yilning may oyida yakunlanadi», — deya ma’lum qildi Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.


Uchib ketish zalining ochilishi. Chapdan o‘ngga: Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva va transport vaziri, Uzbekistan Airways kompaniyasi boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov. Foto: «O‘zbekiston 24».

Uzbekistan Airports raisi o‘rinbosari Javlonbek Umarxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu zona umumiy 11 yarim ming kvadrat metrni tashkil etadi. Soatiga 600 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

«Xalqaro aeroportlar siyosati bo‘yicha ketyapmiz, ya’ni butun xalqaro aeroportlarda naviatsiya tushumlaridan umumiy 50 foiz daromad topishadi. Biz ham hozirgi siyosatimizni aynan ushbu yo‘nalishga yo‘naltirganmiz», — dedi u.

«Shu bilan birga, biz maxsus uskuna va tizimlardan tashqari, chet eldan ekspertlarni chaqirganmiz va ular bizda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha xodimlarimiz bilan trening ishlarini amalga oshirishmoqda. Ya’ni yangi zona va yangi darajadagi servisni fuqarolarimizga, Xudo xohlasa, ko‘rsatamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil aprel oyidagi «Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan amalga oshirilgan. Loyiha pudratchisi — «O'ZPROMHOLODMONTAJ» MCHJ.

Tadbir davomida Uzbekistan Airports va Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Yaqin kelajakda Uzbekistan Airports aeroportlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy savdo, umumiy ovqatlanish, bank va boshqa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda, deyiladi xabarda.

Foto