O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 4 cyentyabr kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida yangi o‘quv yilida maktab formasiga qo‘yiladigan talablarda o‘zgarishlar bo‘ladimi, degan savolga javob berdi. Unga ko‘ra, amaldagi talablar o‘z kuchida qolmoqda (2019−2020 o‘quv yilidan boshlab majburiy yagona maktab formasini joriy etish rejalashtirilgan edi, lekin keyinchalik bu muddat 2024−2025 o‘quv yiliga qoldirildi).

Vazir eng avvalo, Vazirlar Maxkamasining 2018 yilgi qarorini eslatib o‘tdi. Nizomning yettinchi bandiga ko‘ra :

"O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi".

Shu bilan birga, joriy o‘quv yilidan boshlab qizlarga istisno tariqasida maktabga oq va ochiq rangli ro‘mol va do‘ppida borishga ruxsat beriladi, deya ma’lum qildi vazir. Ro‘mol orqadan o‘ralishi kerak.

Sherzod Shermatov prezident Shavkat Mirziyoyev hamma farzandlarni o‘qitish muhimligi bo‘yicha juda katta vazifa qo‘yganini va juda ko‘p ota-onalardan bu bo‘yicha murojaatlar kelib tushganini qayd etdi.

«Bitta o‘g‘il bolani o‘qitsangiz, bir insonga ta’lim bergan bo‘lasiz. Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz», — deya u prezidentning Indira Gandidan iqtibos keltirganini esladi.

«Ko‘pchilik ota-onalarning murojaatlarini inobatga olib, milliy qadriyatlarimizga mos bo‘lgan holatda qizlarimizga haligi qarordan tashqari, istisno tariqasida, bu o‘quv yilidan boshlab, maktabga oq va ochiq ranglardagi milliy ro‘molda va do‘ppida bo‘lishiga ruxsat etmoqchimiz. Mayli, agar bolalarimiz milliy oq ro‘mol o‘raydigan bo‘lsa, „o‘zbekcha“ qilib o‘rasin. Ko‘ylagini ham, agar kerak bo‘lsa, yoqasini sal yuqoriroq qilib yopishi mumkin bo‘ladi. Shunda haqiqiy milliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan bemalol qizlarimizning kelishiga ruxsat etish mumkin», — deya ma’lum qildi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, vazir bu istisno ekanligini ta’kidlab, «ertaga hamma faqat shunaqa kelishi kerak, hamma bemalol yurgan qizimizni ham, „yo‘q, sen ro‘mol o‘rashing kerak“, deb majburlash ham bo‘lib ketib qolmasligi» haqida to‘xtaldi.

«Bundan maqsad, qizlarimizni o‘qitaylik, xurmatli ota-onalar. Mana shu masala bor. Chunki bir necha yildan buyon tahlil qilayotganimizda, shunday holat ko‘rinyaptiki, Toshkentni oladigan bo‘lsak, OTMga kirish ko‘rsatkichi, umuman ta’lim sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlar aynan o‘zimizning Eski shaharda, Shayhontoxur, Olmazor, Uchtepa tumanlarida», — qayd etdi vazir.

«Viloyatlar tahlil qilinsa, vodiyda Farg‘onada eng yuqori bo‘lsa, Marg‘ilon shahrida umuman eng past ko‘rsatkich. Qo‘qonda ham», — dedi vazir. Uning qayd etishicha, bu faqat qizlarga emas, o‘g‘il bolalarga ham tegishli.

Vazir pedagog va o‘qituvchilardan «milliy o‘zbekcha (ro‘mol) o‘raydigan bo‘lsa, hech qanday muammo qilmaslikni» iltimos qildi. Shuningdek, u 6 sentyabr kuni o‘quvchi biror sabab bilan formasiz kelib qolsa, buning ham janjal-to‘polon qiladigan masala emasligini ta’kidladi.

«Dushanba kuni bayram, bayram bo‘ladigan bo‘lsa, hammani kiritasizlar. Tushuntiradigan ishlar bo‘lsa, keyin tushuntirasizlar. Eshikni tagidan noto‘g‘ri talqinga olib kelishi mumkin bo‘lgan ishlar qilmanglar, iltimos. Maktabni birovga zarar keltiradigan obrazda shakllantirishimiz kerak emas», — dedi Sherzod Shermatov.

Shu bilan birga, xalq ta’limi vaziri O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanligini eslatib o‘tdi.

«Ta’lim bilan din, alohida-alohida. Ya’ni ertaga bu narsaning orqasidan boshqacha talqin ketishi kerak emas. Ro‘mol o‘rab kelgan qiz boshqa qizga tazyiq o‘tkazishi kerak emas, xuddi shunday har xil ota-onalar tomonidan „bizda musiqa darsini yo‘q qilgin“, yoki „rasm darsini yo‘q qilgin“, degan ortiqcha talqinlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Biz dunyoviy bilimlarni barchaga berishimiz shart. Shu narsaga sharoit yaratib berishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.