Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar xodimlariga emlashsiz ishlashga ruxsat berilmaydi

Qozog‘iston bosh davlat sanitariya shifokori Yerlan Kiyasov koronavirusga qarshi emlanmaganlarning to‘liq vaqtda ishlashini taqiqlovchi farmoyishga imzo chekdi. Yangi qoidalar 6 sentyabrdan kuchga kiradi. Vaksinatsiyadan ozod etilganlar va oxirgi 3 oy ichida COVID-19 bilan kasallanganlar bundan mustasno.

Cheklov aholiga xizmat ko‘rsatish markazlari, «Kazpochta» idoralari, banklar, moliya bozori obyektlari, sug‘urta kompaniyalari, ko‘chmas mulk va reklama agentliklari, ayirboshlash shoxobchalari, lombardlar, ta’lim va tibbiyot muassasalariga, shuningdek savdo korxonalari, shu jumladan gul do‘konlari, bosmaxonalar, foto salonlari va boshqa xususiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarga taalluqlidir. Ushbu tashkilotlarning emlanmagan xodimlari uchun har haftalik majburiy PZR-tekshiruvi joriy etiladi. — Interfaks.

Shuningdek: Qozog‘istonda AES qurilishi mumkin. Bu haqda mamlakat rahbari Qosim-Jomart Tokayev Sharqiy iqtisodiy forumning yalpi majlisida aytib o‘tdi. «O‘ylaymanki, bu masalani batafsil ko‘rib chiqish vaqti keldi, chunki Qozog‘istonga atom elektr stansiyasi kerak», — dedi Tokayev. Hafta boshida Qozog‘iston rahbari hukumat va mamlakat «Samruk-Kazina» davlat jamg‘armasiga respublikada bir yil ichida atom energetikasini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganishni topshirgan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, 2030 yilga kelib Qozog‘istonda elektr energiyasi taqchilligi yuzaga keladi.

Forumda Tokayev, shuningdek, Qozog‘iston rasmiylari Xitoydan yuklar tranzitini kengaytirish maqsadida yangi temir yo‘l liniyasi qurishga qaror qilganini ta’qidladi. «Qozog‘iston tranziti o‘zining iqtisodiy jozibadorligi va ishonchliligini isbotladi. Shuning uchun biz infratuzilmani yaxshilashda davom etamiz. Xususan, biz Xitoydan tranzitni kengaytirish uchun Dostiq-Mo‘yinli yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini boshlayapmiz. Umumiy sarmoya 2 mlrd dollardan oshadi», — dedi Qozog‘iston rahbari.


Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Mamlakatdagi o‘zgarishlar:

  • Kobulda faol ayollar miting uyushtirib, o‘z huquqlarini hurmat qilishni va erkaklar bilan teng huquqlilikni [hukumatdan — tahr.] talab qildilar. Namoyishchilar «ayollar va erkaklar huquqlari teng», «ta’lim, mehnat, erkinlik — farovonlik [yo‘li]» shiorlari tasvirlangan plakatlar bilan shahar ko‘chalari bo‘ylab yurishgan. Shu bilan birga, aksiya ishtirokchilari soni ko‘rsatilmagan. Shuningdek, faollar «Tolibon» rahbariyatini Afg‘oniston yangi konstitutsiyasida mamlakatning siyosiy hayotida ayollarning ishtirok etish huquqini tasdiqlashga chaqirdi. «Al Jazeera»ning xabar berishicha, bunday namoyishlar Hirotda ham bo‘lib o‘tdi. — TASS.
  • «Tolibon» harakati vakili Zabihulla Mujohidning «La Repubblica»ga bergan intervyusida «Tolibon Xitoyni o‘zining asosiy xalqaro hamkori deb biladi», deb ta’kidladi. «Xitoy — bizning asosiy hamkorimizdir, u biz uchun asosiy va ajoyib imkoniyatdir, chunki u mamlakatimizga sarmoya kiritishga va uni qayta qurishga tayyor», — dedi u intervyuda. Mujohid Pekinning «Bir makon, bir yo‘l» dasturini yuqori baholab, u «qadimiy Ipak yo‘lini qayta tiklashga xizmat qilishini» ta’kidladi. U, shuningdek, Xitoy Afg‘onistonda tog‘-kon sanoati tiklanishiga yordam berishiga umid bildirdi. «Bundan tashqari, bizda boy mis konlari bor, ular xitoyliklar tufayli ishlab chiqarishga qaytarilishi va modernizatsiya qilinishi mumkin», — dedi harakat vakili. Uning aytishicha: «Xitoy butun dunyo bozorlariga chiqishimiz uchun eshikdir».
  • TASSning Reuters’ga tayanib yozishicha, «Tolibon» siyosiy qanoti rahbari mulla Abdul G‘ani Baradar Afg‘oniston yangi hukumatini boshqaradi. Yangi ma’muriyat tarkibiga mulla Yoqub («Tolibon» birinchi rahbari mulla Umarning o‘g‘li) va harakatning Dohadagi vakili Muhammad Abbos Stanekzay ham kiradi.
  • Juma kuni Kobuldan Mozori Sharifga rejalashtirilgan birinchi ichki reys bekor qilindi. Bu qarorning sabablari haqida ma’lumot keltirilmagan. — TASS.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Buyuk Britaniya qochqinlarni boshpana va sanitariya inshootlari bilan ta’minlash uchun Afg‘oniston qo‘shni davlatlariga 30 mln funt sterling (41,5 mln dollar) miqdorida yordam beradi. Bu haqda mamlakat TIV ma’lum qildi. Bu summaning 10 mln funt sterlingi (14 mln dollar) gumanitar tashkilotlarga, shu jumladan BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy Komissarligiga ajratilishi kutilmoqda. Qolgan 20 mln funt sterling (28 mln dollar) «Afg‘onistonni tark etayotgan o‘n minglab qochqinlarning og‘ir yukini o‘z zimmasiga olgan mintaqa davlatlariga» taqsimlanadi. Gap Pokiston, Tojikiston, Eron, O‘zbekiston va Turkmaniston haqida ketmoqda. Avvalroq, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Afg‘oniston qo‘shnilariga qochqinlarni qabul qilish evaziga 600 mln yevro to‘lab berishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.
  • AQSh prezidenti ma’muriyati va xususiy tashkilotlar evakuatsiya qilingan afg‘onlarga moliyaviy yordam sifatida har biriga 2275 dollar to‘lashni rejalashtirmoqda, deya yozmoqda TASS Bloomberg’ga tayanib. Ushbu dastur afg‘onlarga uy-joy topish, oziq-ovqat sotib olish va bolalarni maktabga joylashtirishga yordam berishga qaratilgan. Bundan tashqari, mamlakat 50 mingdan ortiq afg‘on qochqinlarini qabul qilishni rejalashtirmoqda.
  • Qirg‘iziston Ombudsmani Tokon Mamitov respublika Afg‘onistondan qochqinlarni qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi. «Hozirda Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat bilan bog‘liq savollar bor. Albatta, bu bizni tashvishga soladi. Qirg‘iziston bir qator xalqaro hujjatlarni, shu jumladan qochqinlarga oid hujjatlarni qabul qilgan davlat sifatida, albatta, xalqaro standartlar va qoidalarga va o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajaradi. Biz qochqinlarning huquqlarini ta’minlash va ularga tegishli yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qilamiz», — dedi u.
  • Germaniya bir qator shartlar bajarilgan taqdirda Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatishga va uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor, deya ma’lum qildi mamlakat tashqi ishlar vaziri Xayko Maas. «Afg‘onistonda xohlaymizmi, xohlamaymizmi, yangi reallik paydo bo‘ldi», — dedi vazir. «Biz hozir Afg‘oniston bo‘yicha o‘z pozitsiyamizni tezda aniqlashimiz kerak. Biz uchun ba’zi shartlar muhim: biz inklyuziv hukumat tuzilishini, asosiy inson huquqlarining ta’minlashini, Afg‘oniston yana terrorchilar boshpanasiga aylanmasligini xohlaymiz. Shunda biz nafaqat gumanitar yordam ko‘rsatishga, balki agar bu shartlar bajarilsa, Afg‘onistonni rivojlantirishga ko‘mak berishni boshlashga ham tayyormiz», — dedi Germaniya TIV rahbari. Maas, shuningdek, agar xavfsizlik holati imkon bersa va yuqoridagi shartlar bajarilsa, Germaniya Kobuldagi diplomatik missiyasini qayta ochishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
  • Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayevning aytishicha, Afg‘onistonda AQSh chiqib ketgandan so‘ng 85 mlrd dollardan ortiq qiymatda qurol-yarog‘ saqlanib qolgan. «Menimcha, bu mamlakatdan (Afg‘oniston — tahr.) kelib chiqadigan tahdidlar va xavflar aniq. Amerikaliklarning ketishi bilan u yerda juda katta miqdordagi, zamonaviy, qiymati 85 mlrd dollardan ortiq qurol-yarog‘ qolgan. Hali ham qochqinlarning chiqib ketishi uchun xavf bor», — dedi u.

Bundan avval, AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning o‘g‘li — Donald Tramp kichik o‘z Twitter sahifasida «AQShning 85 mlrd dollarlik qurollari Afg‘onistonda qolgan» deb yozgan edi. «Tolibon» terrorchilariga 85 mlrd dollarlik harbiy texnika qoldi. Bu shuni anglatadiki, har bir amerikalik — erkak, ayol, bola — AQShdagi taxminan 320 mlnlik aholisini hisobga olsak, ularning terrorchilik harakatlariga 265 dollar qo‘shgan" — deb yozgan Tramp kichik.

Shuningdek, u AQSh Hisob palatasining maxsus qurol va uskunalar sonini ko‘rsatuvchi jadvalni postga ilova qilgan. Ushbu jadvalga ko‘ra, amerikaliklar Afg‘onistonda 22 174 ta Humvee mashinasi, 634 ta M1117 zirhli transport vositasi, 155 ta MxxPro avtomashinalari, 169 ta M113 zirhli mashinasi, 42 mingta pikap va zirhli avtoulovlar, 64 363 ta pulemyot, 8 mingta harbiy yuk mashinalari, 162 042 ta portativ tungi ko‘rish moslamalari, 358 530 ta avtomat, 126 295 ta to‘pponcha, 176 ta zambarak qoldirgan. Bundan tashqari, 33 ta Mi-17 vertolyoti, 33 ta «Black Hawk» vertolyoti, 43 ta MD530 vertolyoti, to‘rtta C130 harbiy transport samolyoti, 23 ta «Embraer-314» samolyoti, 28 ta «Cessna-208» samolyoti va 10 ta «Cessna AS-208» samolyoti Afg‘oniston hududida qoldirilgan.


Shuningdek:

  • Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga hukmron Liberal-demokratik partiyasi rahbari sayloviga o‘z nomzodini ilgari surmaydi, deb yozmoqda NHK. Nashrning ta’kidlashicha, u shu tariqa bosh vazir lavozimidan ham bosh tortmoqda. Saylovlar 29 sentyabrga belgilangan.
  • AQSh shimoli-sharqidagi suv toshqinlari qurbonlari soni 45 kishiga yetdi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni ortishi mumkin, chunki ko‘pchilik bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
  • Xitoyda «ba’zi turdagi erkaklar»ni televideniyeda ko‘rsatish taqiqlandi. Xitoy milliy radio va televideniye boshqarmasi «erkaklarning jilvaligini» va boshqa buzilgan estetikani [televideniye ko‘rsatuvlarida] qat’iy ravishda oldini olish va ko‘rsatuv uchun aktyorlarni tanlashda «ijro etish uslubi, kiyim va pardozni» qat’iy nazorat qilishga buyurdi. Bundan tashqari, hukumat boyliklarni televideniye orqali ko‘rsatishga, odamlarning shaxsiy hayotini muhokama qilishga qarshi chiqdi — bularning barchasi, rasmiylarga ko‘ra, XXR qadriyatlarini aks ettirmaydi.