Yevropa Ittifoqi afg‘on qochqinlarini qabul qilish uchun Afg‘oniston qo‘shnilariga taklif tayyorlayapti, bu orqali ittifoq 2015 yilgi Suriya migratsiya inqirozi takrorlanishidan qochishga urinmoqda, deb xabar qildi Financial Times.

AQSh va uning ittifoqchilari o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishi ortidan «Tolibon» hokimiyat tepasiga keldi. Bu esa mamlakatda beqarorlik va toliblardan qochishga urinadigan qochqinlarning soni keskin ortib ketishi xavfini oshirdi.

Ittifoq mamlakatlarining ko‘pchiligi Suriyadagi urush sababli 2015 yilda million kishidan ortiq qochoqlarning Yevropaga o‘tishi ortidan yuzaga kelgan mirgatsiya inqorizi yangidan takrorlanmasligi uchun uning oldini olish kerakligi haqida ogohlantirdi.

O‘shanda inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun Bryussel qochqinlarni qabul qilish va Yevropa mamlakatlariga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik evaziga Turkiyaga moliyaviy ko‘mak taklif qilgandi.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Yevropa Ittifoqi qochoqlarni qabul qilishi evaziga Afg‘onistonning qo‘shni davlatlariga 600 mln yevro miqdoridagi moliyaviy ko‘makni tayyorlamoqda. «Bu Bryussel Pokistonga, ehtimol O‘zbekiston va Tojikistonga, hatto xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan Eronga ham pul taqdim etishini anglatishi mumkin», — deb yozgan nashr.

31 avgust kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlati tashqi ishlar vazirliklari Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Uning natijalariga ko‘ra YeI Kengashi bayonot qabul qildi. Unda ko‘plab qochqinlarni qabul qiladigan uchinchi mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va’da qilingan.

Shu bilan birga, bayonotda «o‘tmishdagi saboqlar asosida» Yevropa Ittifoqi a’zolari «nazorat qilib bo‘lmaydigan keng ko‘lamli migratsiya oqimlari takrorlanishining oldini olish» uchun birgalikda harakat qilishi haqida so‘z borgan. Kengash shuningdek, «Afg‘onistondagi vaziyat Yevropa Ittifoqi fuqarolari xavfsizligiga yangi tahdidlar tug‘dirmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini» qayd etgan.

RBKning yozishicha, o‘tgan haftada bir necha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Suriyadagi urush tufayli 2015 yilda yuzaga kelgan migratsiya inqirozining o‘xshashi sodir bo‘lishidan xavotirda ekanligini bildirgan. Shunday so‘ng, Sloveniya bosh vaziri Yanez Yansha uning davlati ham, Yevropa Ittifoqi ham «o‘zining mamlakatini himoya qilish o‘rniga uni tark etgan barcha odamlarga yordam berish va har biriga haq to‘lash» majburiyatini olmaganini aytdi.

Avstriya bosh vaziri Sebastyan Kurs aniqlik kiritishicha, uning mamlakati hanuz u yerda yashayotgan afg‘on qochqinlarining jamiyatga moslasha olmayotgani bilan bog‘liq muammolarni boshdan kechirmoqda va shu sababli u Venada yangi qochoqlarni qabul qilishga qarshi chiqish qiladi. Bosh vazir Avstriya 2015 yilgi xatosini takrorlamasligini ta’kidladi.

30 avgust kuni O‘zbekiston TIV Afg‘onistondagi toliblar rejimidan qochayotgan odamlar uchun o‘z chegaralarini ochishga tayyor ekanligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda o‘zbek-afg‘on chegarasi to‘liq yopilgan va «Termiz» chegara postini ochish hozircha rejalashtirilayotgani yo‘q.

Avvalroq, WSJ nashri O‘zbekiston AQShni afg‘on uchuvchilari va ularning oilalarini chiqarib yuborish rejalashtirilayotganidan ogohlantirgani haqida yozgan edi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, «Tolibon» avgust oyi o‘rtasida O‘zbekistonga uchib o‘tgan harbiy samolyot va vertolyotlarni qaytarishni talab qilgan.