Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, Islom Karimov vafot etgan 2 sentyabr sanasi Xotira kuni sifatida belgilangan. Bu kunda jamoatchilik yig‘ilib, birinchi prezidentni yod etish ezgu an’anaga aylangan, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.


Davlat rahbari bugun Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Birinchi prezident haykali poyiga gulchambar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.


Shavkat Mirziyoyev istiqlolning 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Islom Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida davlatni boshqarganini ta’kidlagan edi.

«Ushbu xotira tadbiri ham xalqimizning birinchi prezidentga hurmati ifodasidir», — deyiladi xabarda.

Marosimda Tatyana Karimova, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etdi.

Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.