Nigeriyada qaroqchilar 100 dan ortiq o‘quvchini o‘g‘rilab ketishdi

1 sentyabr kuni qurolli guruh Nigeriya shimoli-g‘arbidagi Zamfara shtatidagi maktabga hujum uyushtirib, 100 dan ortiq o‘quvchi va bir nechta o‘qituvchini o‘g‘rilab ketdi. Bu haqda TASS mahalliy OAVga tayanib xabar bermoqda. Aytilishicha, hujum dars paytida sodir bo‘lgan. O‘z navbatida, Zamfara shtati gubernatori Bello Matavalle hududdagi barcha boshlang‘ich va o‘rta maktablarni vaqtincha yopishga buyurgani aytilmoqda. Shu bilan birga, 13 tumanda soat 18:00 dan 06:00 gacha harakatlanishga cheklovlar joriy etildi.

Avvalroq, may oyi oxirida mamlakat g‘arbida o‘g‘irlab ketilgan islomiy maktab-internatning o‘nlab o‘quvchilari qo‘yib yuborilgani haqida yozgan edik. Ma’lumotlarga ko‘ra, olti nafar o‘quvchi asirlikda halok bo‘lgan, yana 15 nafari iyun oyida qochishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari, Nigeriyada qaroqchilar 80 nafar maktab o‘quvchisi evaziga 194 ming dollar talab qilishgani haqida ham xabar berilgan edi.

30 may kuni Nigeriyaning Niger shtatida qurolli shaxslar 200 ga yaqin maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlab ketishgan edi. Unda bir kishi halok bo‘lgan.


AQShda «Ida» dovuli tufayli kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi

AQShning Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida sodir bo‘lgan toshqinlar oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Har ikki shtatda ham favqulodda holat e’lon qilindi. Nyu-Yorkdagi suv toshqini tufayli barcha metro liniyalari to‘xtatildi. Ta’kidlanishicha, Bruklin va Kvins shaharlarida kuchli suv toshqini kuzatilmoqda. Ob-havo sharoiti sababli «Jon Kennedi» va «Nyuark Liberti» xalqaro aeroportlari hamda La-Guardiya aeroportida yuzlab reyslar bekor qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Ida» dovuli Yangi Angliya hududi bo‘ylab shimolga qarab davom etishi kutilmoqda. — Interfaks.

Avvalroq, AQSh janubiga «Ida» dovuli bostirib kelgani, milliondan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qolgani haqida xabar bergan edik.


Berlinda pandemiyalarning oldini olish markazi ochildi

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) Berlinda pandemiya va epidemiyalar axborot markazini ochdi. Idora yangi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyalarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi, deya ta’kidlanmoqda xabarda. «Viruslar tez harakat qiladi, lekin ma’lumot bundan ham tezroq harakat qilishi mumkin», — dedi JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus. Uning qo‘shimcha qilishicha, COVID-19 pandemiyasi dunyoga bir nechta «og‘riqli saboqlar» bergan, shu jumladan «epidemiya va pandemiyaga aylanishi mumkin bo‘lgan epidemiyalar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish va tarqatish uchun kuchli yangi tizimlar va vositalarga ehtiyoj borligini ko‘rsatgan».

Markaz yangi global pandemiya yuz berganda kerakli qarorlar qabul qilish uchun ma’lumotlarni samarali to‘plashi, tahlil qilishi va tarqatishi kerak bo‘ladi.

Germaniya markazga 100 mln dollarlik dastlabki sarmoya kiritdi. — Associated Press (AP).

Bundan avval, Buyuk Britaniya pandemiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro guruh tuzilishi haqida e’lon qilgan edi.


Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Mamlakatdagi o‘zgarishlar:

  • Tolo News’ning yozishicha, «Tolibon» yetakchisi Xaybatulla Oxundzoda Afg‘oniston oliy rahbari etib tayinlanadi. Uning rahbarligida prezident yoki bosh vazir Afg‘onistonni boshqaradi. «Yangi hukumat bo‘yicha maslahatlashuvlar deyarli tugadi. Oxunzodaning mamlakat rahbariyatida bo‘lishiga shubha yo‘q. U hukumat rahbari bo‘ladi va bu borada hatto savollar bo‘lmasligi kerak», — deydi «Tolibon» madaniy komissiyasi a’zosi Anamulla Samangani.
  • TASSning «Al Jazeera»ga tayanib xabar berishicha, Afg‘onistondagi ichki reyslar juma kunidan boshlab qayta tiklanadi. Mamlakat fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, xalqaro parvozlarni tiklash uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Shu borada, «Tolibon» Qatar va Turkiya bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.
  • «Tolibon» harakati vakili Zabihulla Mujohidning «La Repubblica»ga bergan intervyusida «Afg‘onistonning yangi hukumatida ayol vazirlar bo‘lmaydi» deb ta’kidladi. Shu bilan birga, u «ayollar vazirliklar, politsiya yoki, masalan, sud tizimida yordamchi sifatida ishlashi mumkin», deb aytdi.
  • Afg‘onistonda narxlarni nazorat qilish qo‘mitasi tuziladi. «Khaama Press» ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘mita tarkibiga oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi a’zolari, savdo-investitsiya palatasi a’zolari va sanoat vazirligi vakillari kiradi. Ta’kidlanishicha, «Tolibon» hokimiyatga kelganidan so‘ng, banklar faoliyati deyarli 13 kunga to‘xtagan, bu esa mamlakatga import qilinadigan meva, un, shakar, sariyog‘, yoqilg‘i va barcha oziq-ovqat mahsulotlar narxlarining keskin o‘sishiga olib kelgan.
  • Afg‘oniston Markaziy banki 4 sentyabr kuni Saroi Shahzoda — Kobuldagi eng yirik valyuta bozori faoliyatining tiklanishini e’lon qildi. Odamlar va ayirboshlash bilan shug‘ullanadiganlar o‘z ishini odatdagidek davom ettirishi mumkin, deyilada regulyator bayonotida.
  • Afg‘oniston milliy qarshilik frontining xabar berishicha, Panjshir vodiysi uchun to‘rt kun davom etgan janglarda «Tolibon»ning 350 nafar jangchisi yo‘q qilindi. Shuningdek, harakatning 287 jangchisi yaralangan va 35 nafari hibsga olingan, deyilmoqda bayonotda. «Tolibon» Afg‘onistonning nazorat qila olmaydigan yagona viloyatida, ikki asosiy yo‘nalishdan — Baglan viloyatining Andarab vodiysi va Parvan viloyatining Gulbahor shahridan hujum qilmoqda.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Praysning ma’lum qilishicha, mamlakat Kobuldan 23 876 nafar afg‘onni o‘z hududiga olib keldi. Unga ko‘ra, 17 avgustdan 31 avgustgacha AQShga evakuatsiya qilingan 31107 kishidan 77 foizi afg‘onlardir.
  • Gruziya parlamenti tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Nikoloz Samxaradze 2,5 mingga yaqin odam Kobuldan Tbilisiga charter reyslar bilan olib kelinganini aytdi. «50 tagacha reys amalga oshirildi», — dedi u. Shuningdek, Gruziya rasmiylari Kobuldan Tbilisiga olib kelingan chet el fuqarolarining aksariyati Yevropa mamlakatlari va AQShga yuborilganini, bir necha o‘nlab odamlar vaqtincha Tbilisida joylashtirilganini ma’lum qilishdi.

Shuningdek:

  • Polsha prezidenti Anjey Duda payshanba kuni Belarus bilan chegarada favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Farmonga muvofiq, chegaradagi 183 aholi punktida ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi. Shuningdek, ushbu punktlarga u yerda yashamaydigan odamlar kira olmaydi, bu jurnalistlarga ham taalluqli. Qoidalarni buzganlar jarimaga tortilishi yoki hibsga olinishi mumkin.
  • Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning ta’kidlashicha, mamlakat aholisining 70 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlandi.