2 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi — Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash hamda bu makonda farovonlik, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdan iborat.

«Bu borada, biz birinchi galda, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, suv va energetika resurslaridan birgalikda foydalanish, masalalariga katta ahamiyat qaratayapmiz», — dedi u.

Davlat rahbari tarixdan Markaziy Osiyo mintaqasi Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘lkalarini bog‘lagan muhim hudud sifatida tanilganini qayd etdi.

«Bu borada Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, ayniqsa, yangi transport koridorlarini rivojlantirish orqali ushbu mintaqalardagi iqtisodiy o‘sish hamda aholining hayot darajasini oshirishni maqsad qilib olganmiz», — deya ta’kidladi u.

U so‘zi davomida Afg‘oniston masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Afg‘onistonda siyosiy barqarorlikni o‘rnatish va iqtisodiyotni tiklash — mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyotning ishonchli omilidir. O‘zbekiston doimo bu mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib kelgan. Va hozirgi murakkab sharoitda ham jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha zarur yordamni ko‘rsatib kelmoqdamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, prezident O‘zbekiston toliblar bilan ikki yil oldin muloqotni yo‘lga qo‘yganini ma’lum qilgan edi. «Dohadagi rahbari Mulla Abdul G‘ani Barodar O‘zbekiston tomoniga birorta o‘q otilmasligi bo‘yicha va’da bergan. Va’dasiga vafodor bo‘lib turgani uchun ham ular bilan muloqot qilishimiz tabiiy», — degandi u.

23 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev KXSHTga a’zo davlatlarga Afg‘oniston bilan chegarani ishonchli qo‘riqlash va himoya qilish borasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot bergan edi.