Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqdi va mamlakatdagi butun harbiy missiyasini yakunladi. Bu haqda dushanba kuni Pentagonda o‘tkazilgan matbuot brifingida AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general Kennet Makkenzi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

«Men bugun bu yerga qo‘shinlarimizni Afg‘onistondan olib chiqish va Amerika hamda boshqa davlatlar fuqarolarini, shuningdek, zaif ahvolda qolgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha harbiy operatsiya tugaganini e’lon qilish uchun keldim», — dedi u.

«So‘nggi [harbiy transport samolyoti] C-17 30 avgust kuni tushdan keyin Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportdan AQSh sharqiy qirg‘og‘i vaqti bilan 15:29 da jo‘nadi va boshqariladigan ohirgi samolyot ayni paytda Afg‘oniston havo maydonini tark etdi», — deya qo‘shimcha qildi general. Makkenzining aytishicha, Kobuldan ketgan oxirgi samolyotda AQShning Afg‘onistondagi muvaqqat ishlar vakili Ross Uilson bo‘lgan.

Makkenzining so‘zlariga ko‘ra, bu «Afg‘onistonda 2001 yil 11 sentyabrdan ko‘p o‘tmay boshlangan 20 yilga yaqin missiyaning tugashi» degan ma’noni anglatadi.

«Buning evaziga 2461 nafar AQSh harbiylari va fuqarolari qurbon bo‘lgan, 20 mingdan ortig‘i yaralangan. Afsuski ushbu raqamlar ichiga o‘tgan hafta yana „Hurosondagi islom davlati“ guruhining xudkushi tomonidan o‘ldirilgan 13 nafar AQSh harbiylari ham kirdi», — dedi Kennet Makkenzi.

«Bu operatsiyaning harbiy bosqichi tugadi, endi uning diplomatik davomi boshlanadi. Bizning Davlat departamentimiz qolgan [Afg‘onistondagi] Amerika fuqarolariga [mamlakatni tark etishiga] yordam berish uchun barcha sa’y -harakatlarni amalga oshiradi», — ta’kidladi u. Qo‘mondonlik boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda qolgan amerikaliklar soni «bir necha yuz» kishini tashkil qilmoqda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Amerika armiyasiga yordam bergan afg‘onlarni mamlakatdan olib chiqish uchun «juda agressiv va qattiq muzokaralar olib boradi». Xususan, gap tarjimonlar haqida ketmoqda. «Harbiy bosqich tugadi, lekin bizning bu odamlarni qaytarish istagimiz avvalgidek kuchli. <...> Endi Davlat departamenti bu masalada yetakchi rol o‘ynaydi», — deydi general.

Shuningdek, Amerika diplomatlari ham Afg‘onistonni tark etdi, mamlakatning Qobuldagi elchixonasi yopiqligicha qoladi, deya ma’lum qildi davlat kotibi Entoni J. Blinken.

«Bugungi kundan boshlab biz Kobuldagi diplomatik ishtirokimizni to‘xtatdik va o‘z diplomatik faoliyatimizni Dohaga, Qatarga ko‘chirdik», — dedi u. «Xavfsizlik sohasidagi beqarorlik va Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatning noaniqligini hisobga olsak, bu oqilona qadam bo‘ldi», — dedi Blinken.

Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Doha «ayni paytda» Afg‘oniston bilan «diplomatik ish olib boradi», konsullik faoliyatini amalga oshiradi, gumanitar yordam ko‘rsatish masalalarini hal qiladi, shuningdek Vashingtonning Afg‘onistondagi ittifoqchilari va sheriklari bilan muvofiqlashtirish ishlari olib boriladi.