Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari axborot xizmati.

U yerda Qur’on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi hamda elga osh tortildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shahidlar xotirasi xiyobonida «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi. Davlat rahbari ushbu muzeyni kirib ko‘rdi. U yerda yaratilgan sharoitlar, tarixiy hujjatlar bilan tanishdi.

«Ko‘rinib turibdiki, katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar qatag‘on qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi — buyuk bo‘lgani», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan muzeylar tashkil etildi. Ularda rasmiy materiallar bilan birga oilaviy arxivlarda saqlanib qolgan ko‘plab tarixiy hujjatlar, noyob suratlar to‘planmoqda. Qatag‘on qurbonlarining nomlari, ularning hayoti va faoliyati viloyatlar, tumanlar kesimida aniqlanmoqda. Bu ma’lumotlar asosida ko‘p jildlik «Qatag‘on qurbonlari» kitobi nashrga tayyorlanyapti.

Prezident bunday katta, ilmiy asarlar bilan birga maktab o‘quvchilari uchun sodda tilda, kichik-kichik kitoblar chiqarish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga Tarix institutining ilmiy xodimlarini biriktirib, har bir hududdagi jadidlar, qatag‘on qurbonlari nomini tiklab borish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari tarixni o‘rganish va o‘rgatish vazifalari haqida gapirdi.

«Biz shu vaqtgacha tarixning o‘zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o‘tdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, g‘ururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi — hammasini haqqoniy yozish kerak», — deya ta’kidladi prezident.

Xabarga ko‘ra, 25 avgust kuni Oliy sud tomonidan 115 nafar qatag‘on qurboni oqlangani to‘g‘risidagi qarorни prezident olqishladi.

«Oradan qariyb yuz yil o‘tib adolat qaror topdi. Milliy istiqlolimiz uchun kurash olib borgan, lekin reabilitatsiya qilinmay qolgan 115 nafar bobomizning pok nomlari oqlandi. Hali bundaylar qancha? Vatanparvar insonlarning sha’nini tiklashga qaratilgan ezgu ishlarni davom ettirish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.