Alar Karis Estoniyaning yangi prezidenti etib saylandi

Estoniya parlamenti seshanba kuni navbatdan tashqari sessiyada yopiq ovoz berish orqali Estoniya milliy muzeyi direktori Alar Karisni respublika prezidenti etib sayladi. Uning nomzodi uchun 101 deputatdan 72 nafari ovoz berdi, ovoz berishda 80 nafar deputat ishtirok etdi. Ta’kidlanishicha, Alar Karis yagona nomzod bo‘lgan. Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda unga 101 nafar deputatdan 63 nafari ovoz berdi, saylanish uchun u kamida 68 ovoz to‘plashi kerak edi.

Karis 1958 yil 26 martda tug‘ilgan. U molekulyar genetik va rivojlanish biologi, Estoniya tabiiy fanlari universiteti (2003−2007) va Tartu universitetining (2007−2012) sobiq rektoridir. 2013−2017 yillarda u davlat nazoratchisi, 2017 yildan buyon Estoniya milliy muzeyi rahbari sifatida ishlab kelgan. — Interfaks.


Xitoy suvlariga kirayotgan xorijiy kemalar o‘zlari haqida ko‘proq ma’lumot taqdim etishga majburlandi

1 sentyabrdan boshlab Xitoy Dengiz xavfsizligi boshqarmasi mamlakat hududiy suvlariga kirayotgan xorijiy kemalardan o‘zlari to‘g‘risida, jumladan, ular olib ketayotgan yuklar haqida batafsil ma’lumot berishni talab qilishni boshlaydi.

Gap kemalarning identifikatsiyasi, chaqiruv belgilari, joylashuvi va bortda xavfli yuklarning borligi to‘g‘risida ma’lumot berish haqida ketmoqda. Bu talab suv osti kemalari, yadroviy kemalar, radioaktiv yuklar, neft, kimyoviy moddalar, suyultirilgan gaz va boshqa xavfli moddalar tashuvchi suzuvchi inshootlar, shuningdek, mamlakatning dengizda harakatlanish xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan boshqa kemalarga tegishli bo‘ladi. Agar bu talab e’tiborga olinmasa, Xitoy dengiz ma’muriyati «tegishli qonunlar, qoidalar va qarorlar»ni qo‘llaydi.

Yangi qoidalar, shuningdek, Xitoy va qo‘shni davlatlar, jumladan, Vetnam va Filippin o‘rtasida bir qancha orollar va riflar hududiy bahslarning obyekti bo‘lgan Janubiy Xitoy dengizining muhim qismiga ham taalluqlidir. XXR bu orollar va uning atrofidagi suvlarni o‘ziniki deb biladi. — South China Morning Post.

Bundan avval, Xitoy Sohil xavfsizlik xizmati 1 fevraldan boshlab xorijiy kemalarga qarata o‘t ochish huquqiga ega bo‘lgani haqida yozgan edik.


Gruziyada COVID-19 holatlari ko‘paygani tufayli yangi cheklovlar joriy etildi

Gruziya hukumati huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha kengash shahar transportining ishlashiga qo‘yilgan taqiqni uzaytirish va o‘quv yilini masofadan boshlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Og‘ir epidemiologik vaziyat tufayli jamoat transporti faoliyatiga qo‘yilgan taqiq 13 sentyabrgacha uzaytirildi.

Shuningdek, maktab va oliy o‘quv yurtlarida o‘quv jarayoni 15 sentyabrda emas, 4 oktyabrda boshlanadi. 4 oktyabrga qadar mashg‘ulotlar masofadan o‘tkaziladi. Bolalar bog‘chalari ham 4 oktyabrdan ishlay boshlaydi. — Interfaks.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Mamlakatdagi vaziyat:

  • «Tolibon» dunyo hamjamiyatini afg‘on xalqiga har tomonlama yordam berishga chaqirdi. «Biz dunyo hamjamiyatidan afg‘on xalqiga iqtisod, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda yordam berishni so‘raymiz», deya keltirmoqda TASS harakat vakilining so‘zlarini.
  • «Tolibon» mamlakat oliy ta’limi xodimlarini 31 avgustdan o‘z vazifalariga kirishishga chaqirmoqda. Tegishli bayonotni harakatning Qatardagi siyosiy idorasi vakili Muhammad Sohail Shohin e’lon qildi. «Oliy ta’lim vazirligi davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlari rektorlari, dekanlari, professorlari va ma’muriy xodimlarini 31 avgustda ishga qaytishga va ma’muriy va ilmiy faoliyatini qayta tiklashga, shu jumladan darslar boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirmoqda», — deyiladi xabarda.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Dushanba kuni AQShning so‘nggi harbiy samolyoti Afg‘onistonni tark etdi va mamlakatning harbiy missiyasi yakunlandi. Shuningdek, AQShning Afg‘onistondagi diplomatik faoliyati ham to‘xtatildi, diplomatlar mamlakatni tark etdi. Kobuldagi elchixona yopiqligicha qoladi.
  • AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi fuqarolik aviatashuvchilarga Afg‘oniston bo‘ylab uchishni taqiqladi, faqat mamlakatning sharqiy chegarasi bo‘ylab bir yo‘nalish bundan mustasno.
  • BMT Xavfsizlik Kengashi Fransiya tomonidan Buyuk Britaniya bilan hammualliflikda tayyorlangan Afg‘oniston bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Unda «Tolibon» afg‘onlar va chet el fuqarolarining xavfsiz chiqib ketishini ta’minlashga chaqiriladi. Hujjatga 13 nafar a’zo ovoz berdi, Rossiya va Xitoy betaraf qolishdi. Rezolyutsiyaga ko‘ra, Afg‘oniston boshqa davlatlarga hujumlar uyushtirish joyi, terrorchilarni boshpana qilish yoki o‘qitish, teraktlarni rejalashtirish yoki moliyalashtirish uchun ishlatilmasligi kerak. Shuningdek, gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Afg‘onistondagi barcha kuchlar yordamga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatish uchun BMTga, uning ixtisoslashgan agentliklari va sheriklariga xavfsiz va to‘siqsiz kirishni ta’minlashi kerak. Hujjat mualliflari barcha tomonlar, jumladan ayollar, bolalar va ozchiliklar tomonidan xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlariga rioya etilishini kafolatlashga chaqirmoqdalar.
  • AQSh Markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i Kennet Makkenzining aytishicha, harbiylar Afg‘onistonni tark etishidan oldin Kobul aeroportidagi vertolyotlar, zirhli mashinalar va raketalarga qarshi mudofaa tizimini yaroqsiz holga keltirishdi. «Bu vertolyotlar endi uchmaydi, ularni hech kim boshqara olmaydi. Hech kim bu mashinalardan foydalana olmaydi», — dedi Makkenzi. Unga ko‘ra, Kobul aeroportidagi 73 ta vertolyot, 70 ta zirhli transport vositasi va 27 ta Humvee jangovar avtomashinalari qurolsizlantirildi yoki yaroqsiz holga keltirildi.

Janubiy Afrika yangi koronavirus shtammining tez tarqalishi haqida ogohlantirdi — OAV

Janubiy Afrikada qayd etilgan «C.1.2» deb nomlangan koronavirusning yangi shtammi «tarqalish qobiliyatini oshirgan» bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg mutaxassislarning tadqiqotiga tayanib. Janubiy afrikalik olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, «C.1.2» shtammida ko‘p mutatsiyalar mavjud. Yangi shtammdagi mutatsiyalar unga «tez tarqalish qobiliyatini» berib, antitanachalarga qarshilikni oshirmoqda. Hozirgi COVID-19 vaksinalari «C.1.2»ga qarshi samarali bo‘ladimi-yo‘qmi noma’lum, deb yozmoqda nashr.

«C.1.2» shtammi birinchi marta Janubiy Afrikada, may oyida Mpumalanga va Gauteng provinsiyalarida aniqlangan edi. 13 avgustga kelib, yangi shtamm Janubiy Afrikaning to‘qqiz viloyatining oltitasida qayd etildi. Shuningdek, yangi variant Kongo Demokratik Respublikasi, Portugaliya, Yangi Zelandiya, Shveysariya va Mavrikiyga kirib keldi. «C.1.2» shtammi 2020 yil o‘rtalarida Janubiy Afrikada dominant bo‘lgan C.1 mutatsiyasi hisoblanadi. Aynan Janubiy Afrikada birinchi marta «beta» shtammi qayd etilgan, u hozirda olimlarni xavotirga soladigan shtammlar toifasiga kiradi.


Shuningdek:

  • Qozog‘iston prezidenti mudofaa vazirining Jambil viloyatidagi harbiy qism o‘q-dorilar omborida portlash sodir bo‘lganidan keyin bergan iste’fosini qabul qildi. Portlash natijasida halok bo‘lganlar soni 15 nafarga yetdi.
  • Yevropa Ittifoqida katta yoshdagi aholining 70 foizi COVID-19'ga qarshi to‘liq emlandi.
  • Ukraina hukumati 1 sentyabrdan boshlab tan olinmagan Pridnestrovya davlat raqamli avtomashinalarning mamlakat hududiga kirishini va tranzitini taqiqladi. Faqat «kelishilgan namuna va neytral» deb nomlangan davlat raqamlari bo‘lgan transport vositalari kira oladi.