O‘zbekiston hukumati AQShni bir guruh yuqori malakali afg‘on uchuvchilari va ularning oilalarini mamlakatdan chiqarib yuborishga to‘g‘ri kelayotganidan ogohlantirdi. Bu haqda 30 avgust kuni Amerikaning The Wall Street Journal nashri rasmiy shaxslarga tayanib xabar qildi. Gazeta buni «Tolibon» harakati talabi bilan bog‘liq ekanini qayd etdi.

Gap ikki hafta muqaddam Afg‘oniston HHK vertolyot va samolyotlarida O‘zbekistonga qochgan afg‘on uchuvchilari haqida ketmoqda. 16 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 585 qurollangan afg‘on harbiylari bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot mamlakat havo hududini noqonuniy kesib o‘tgani haqida xabar berdi (keyinchalik xabar to‘liq tasdiqlanmagan deyildi). Kuzatib borish vaqtida O‘zbekistonning MiG-29 va Afg‘onistonning Embraer 314 samolyotlari to‘qnashib ketdi.

WSJ nashrining yozishicha, O‘zbekiston AQShni «Tolibon» bilan munosabatlarga putur yetmasligi uchun uchuvchilarni uchinchi davlatga yetkazish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga chaqirgan.

Gazetaning ta’kidlashicha, Amerikaning uchuvchilarni o‘qitish va afg‘on havo kuchlarini yaratish dasturi Afg‘oniston qurolli kuchlarini qo‘llab -quvvatlash bo‘yicha eng muvaffaqiyatli dasturlardan biri hisoblanadi. AQSh mazkur dasturga milliardlab dollar sarfladi.

Nashr O‘zbekistonga qochgan afg‘on uchuvchilarni «Tolibonning eng nafratlangan dushmanlari» deb atadi, chunki o‘nlab yillar davom etgan mojaro paytida ular havo hujumlarida ko‘p sonli qurbonlarga sabab bo‘lgan.

Toliblar O‘zbekistondan havo kemalarini Afg‘onistonga qaytarishni ham talab qilishgan, deb yozmoqda WSJ.

Kongressmen, Vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi hamda AQSh HHKning sobiq uchuvchisi Avgust Pflyuger AQSh davlat kotibi Entoni Blinkendan «Tolibon» tomonidan tazyiqqa uchrashi xavfiga to‘qnash kelayotgan uchuvchilarga yordam berishga aralashishni so‘radi.

«Menimcha, eng yomon holatda ular Afg‘onistonga qaytadi va o‘ldiriladi, biroq, ehtimol, ularni noma’lum taqdir kutmoqda», — deya ta’kidladi kongressmen.

AQSh Davlat departamenti esa quyidagicha bayonot berdi: «Biz O‘zbekiston hukumatiga afg‘onlarni O‘zbekistonga qabul qilishda davom etayotgani uchun minnatdorchilik bildiramiz, ayni vaqtda ularning uzoq muddatli xavfsizligi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanmoqdamiz».

Avgust Pflyugerning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov o‘tgan hafta unga «uchuvchilar uylariga qaytishga majbur emasligi, biroq bu yerda ham qololmasligini» aytgan.