VII Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Jazoirda bo‘lib o‘tgan «Sodiq do‘st» musobaqasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kinologlaridan iborat erkaklar va ayollar jamoalari birinchi o‘rinlarni egalladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.


Jumladan, III darajali serjant Ulug‘bek Nurillayev 300 metr masofadagi to‘siqlarni xizmat iti bilan yengib o‘tish yo‘lagida yangi rekordni o‘rnatdi. Shunday qilib, erkaklar jamoalari o‘rtasida o‘tgan murosasiz bahslarda O‘zbekiston harbiy kinologlari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Rossiya, uchinchi o‘rinni esa Belarus vakillari band etishdi.


Bu yilgi musobaqada ilk bor ishtirok etgan ayollar jamoasi a’zosi oddiy askar Diyora Valijonova ham 300 metr masofadagi to‘siqlarni xizmat iti bilan yengib o‘tish yo‘lagida rekord o‘rnatdi. Iroda Olimova esa AK-74 kichik kalibrli sport quroli bilan «Mohir o‘qchi» yo‘nalishida nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha 132 ball yig‘ib, o‘z nomini rekordchilar qatoriga qo‘shib qo‘ydi.

Shunday qilib ayollar o‘rtasidagi musobaqada birinchi o‘rinni O‘zbekiston, ikkinchi o‘rinni Rossiya Federatsiyasi va uchinchi o‘rinni Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi jamoalari qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, «Forish» tog‘ poligonida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi «Harbiy-tibbiy estafeta»ning so‘nggi sharti — «Jamoaviy birinchilik» bellashuvlari ham yakuniga yetdi.


Unda ishtirokchi jamoalar vakillari — kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari erkaklar va ayollar guruhlariga bo‘lingan holda birdamlikda shiddatli bahslarga kirishdi.

Jamoaviy birinchilik shartiga ko‘ra, ishtirokchilar muhandislik to‘siqlaridan emaklab o‘tib, shartli yaradorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiy zambil orqali va arqon yordamida suvli to‘siq ustidan olib o‘tish, sanitar harbiy texnikaga joylashtirib, barcha aslahalarni yig‘ishtirib olish, keyin esa ularni xavfsiz hududga olib chiqish kabi mashqlarni bajarishdi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, «Jamoaviy birinchilik»ning erkaklar hamda ayollar bahslarida O‘zbekiston jamoasi yuqori natijalarni ko‘rsatib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi bu yil ham mazkur musobaqaning «Jamoaviy birinchilik» bosqichida o‘tgan yilgi natijalarini yangilab, rekordlar qayd etishdi. Mazkur shartni bajarish uchun erkaklar o‘rtasida 5 daqiqa 28,4 soniya (o‘tgan yil — 6ʻ28,8), ayollar o‘rtasida esa 7 daqiqa 51,3 soniya (o‘tgan yil — 10ʻ09,2) vaqt sarf qilishdi.


Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan umumiy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi, Rossiya ikkinchi, Xitoy vakillari uchinchi o‘rinni egalladi.