30 avgustga o‘tar kechasi «Sputnik V» vaksinasining 90 ming dozalik 2-komponenti Toshkent xalqaro aeroportida qabul qilib olindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

««Sputnik V»ning bu komponenti ushbu vaksinaning 1-komponentini qabul qilgan fuqarolarni ikkinchi bosqichda emlash uchun mo‘ljallangan», — deyiladi xabarda.

Bunga qadar O‘zbekiston sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova 30 avgust kuni ushbu vaksinadan olib kelinishi haqida ma’lum qilgandi.

Qolaversa, u vaksinaning birinchi va ikkinchi dozalari oralig‘i 21 kun ekanligi bois oradagi uzilish insonlar sog‘lig‘iga qanday ta’sir ko‘rsatishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Endilikda 1-chi va 2-chi dozalarining o‘rtasidagi oraliq uzoq muddatga cho‘zilganligi sababli vaksinani amal qilish muddati tugadi yoki boshqatdan olish kerak, degan gaplar aholi orasida ko‘paydi. Vaksina bilan emlanish oralig‘i kamida 21 kun deb belgilangan bo‘lsa, 12 haftagacha uzaytirilishi ham ziyon keltirmaydi. Vaksina olib kelinishi bilan 1-komponent bilan emlangan barcha fuqarolarga 2-komponenti ham qilinadi», — deya ishontirgan edi Dilorom Tursunova.

SSV ma’lumotiga qaraganda, hozirga qadar mamlakatga keltirilgan vaksinalar soni 17 mln 946 ming 540 dozaга yetdi:

  • 460 000 doza «Sputnik V»;
  • 986 480 doza AstraZeneca;
  • 13 500 000 million doza ZF-UZ-VAC2001;
  • 3 000 060 doza Moderna.

28 avgust holatiga, O‘zbekistonda jami 14 mln 27 ming 520 doza vaksina qo‘llanilgan:

  • 1-bosqich emlanganlar 9 391 909 nafar;
  • 2-bosqichda emlanganlar 3 401 179 nafar;
  • 3-bosqich emlanganlar 1 234 432 nafarni tashkil qildi.

Shu kungacha mamlakatda mavjud vaksina bilan to‘liq emlangan fuqarolar 1 729 454 nafarni tashkil etmoqda. Hozirgi paytda emlashni amalga oshirish tahminan 3 mln 919 ming 20 doza vaksina mavjud.