30 avgust kuni G‘ofur Rahimov homiyligida Respublikadagi ilk STEM fanlariga ixtisoslashgan maktab Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida qad rostladi, deb xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Ochilish marosimdan oldin G‘ofur Rahimov hamda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan ramziy ma’noda ko‘chatlar ekildi.

Foto: XTV matbuot xizmati.

Tadbirkor G‘ofur Rahimov mablag‘lari evaziga 45-maktabning eski binosi o‘rnida zamonaviy ta’lim maskani qurib bitkazildi. Maktabda o‘quvchilarning zamonaviy ta’lim olishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. 600 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan ta’lim muassasasida 634 nafar o‘quvchiga 43 nafar pedagog ta’lim beradi.

Ta’kidlanishicha, maktab eng zamonaviy jihozlar va so‘nggi axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. STEM fanlariga ixtisoslashgan tayanch maktabida matematika, chet tili, axborot texnologiya va kimyo-biologiya fanlari chuqurlashtirgan holda o‘qitiladi.


«Homiylik asosida to‘liq jihozlanib, qurib berilgan maktab Quyichirchiq aholisi, shu bilan birga yoshlar uchun Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent viloyatida so‘nggi 3 yil davomida 268 ta maktab Investitsiya va boshqa dasturlar asosida ta’mirlanib, buning uchun 380 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.

Joriy yilning o‘zida qariyb 500 ta (55 foiz) maktablarda ta’mirlash ishlari, jumladan, 40 ta maktabda Investitsiya, 41 ta maktabda «Obod qishloq» dasturi asosida, 418 ta maktab yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

STEM (science, technology, engineering, mathematics) - bu fan, texnologiya, muhandislik va matematika akademik sohalarini ifoda etadigan ibora.