Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari va yoshlari bilan suhbatda bo‘ldi. Uchrashuvda 2020 yilda «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan navoiylik tadbirkor Mirey Amanbayeva ham so‘zga chiqdi.

U ayni vaqtda Navoiy davlat pedagogika institutining 2-kurs magistranti, tadbirkor, chorvachilik klasteri rahbari hamda viloyatda biznes-murabbiy hisoblanadi.

Mirey Amanbayeva davlat rahbari bilan suhbatda navoiylik yoshlar prezidentning tashrifidan «dux olganini» ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev ham «dux oldik, deyavering, shu menga yoqadi», deya hazil qildi.

«Hurmatli prezident, siz yoshlar kunidagi nutqingizda „startap loyihalar uchun grantlar ajratiladi“, deganingizda juda xursand bo‘lib ketgan edim. Nimagaki, o‘tgan yili noyabr oyida viloyat hokimi tomonidan 800 mln so‘m ajratganda, biz biznesga birinchi qadam loyihasini ishlab chiqib, har bitta qishloq joydan, tumandan bittadan tadbirkor chiqarganmiz. Hozirgi kunda ularning kamida 5 nafar, ko‘pida 60 nafarga yaqin ishchisi bor», — deydi Mirey Amanbayeva.

Foto: Videodan lavha

Uning qo‘shimcha qilishicha, prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvda aytgan gapi: «Tadbirkor — yangi O‘zbekistonning zamini, hozirgi islohotlarning islohotchisi» Navoiy viloyatiga shior qilib olingan.

«Mening jamoam juda ko‘p, qishloqda desangiz ham, tumanda desangiz ham. To‘g‘ri, bir-ikkita yo‘l to‘sadigan rahbarlar ham chiqib qoladi, shunda Kabulbek Nazarovichga yarim oqshom soat 1−2 bo‘ladimi, farqi yo‘q, telefon qilamiz yoki Telegram`da yozamiz, „shu rahbar to‘siq bo‘lyapti“, deymiz. Ertasiga o‘zi javobini beradi. Rahbarlarga telefon qilishimizning sababi nimada? Bitta muammo bo‘lsa tumanning prokuroriga chiqadi: „mana bu masala bo‘lyapti, hal qilasanmi yoki yo‘qmi, bo‘lmasa prezidentga aytamiz“… Kerak bo‘lsa vazirlar bilan gaplashyapmiz», — deydi Mirey Amanbayeva.

«Hurmatli prezident, men sizga va’da beraman, Navoiyda xotin-qizlarga ham, yoshlarga ham tadbirkorlikni o‘rgatib, hatto hokimlarga ham dars o‘tyapman», — deya navoiylik tadbirkor qiz prezidentdan dastxat berishini so‘radi.

«Mayli, dastxat qo‘yish muammo emas. Lekin men yaqinda tadbirkorlar bilan uchrashuvda 100 nafar tadbirkorga bergan qarorimga qo‘shimcha qilib, 100 nafar emas, 101 nafar qilib sizga ertaga sovg‘a kelsa, qanday bo‘ladi», — deya javob berdi prezident. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oldidan mamlakatdagi 100 nafar tadbirkorga minnatdorlik yo‘llagan edi.

«Men ham hokim bo‘lganman. Bizda bunday imkoniyat yo‘q edi. Biz xalqni qabul qilishni xohlardik, lekin imkoniyatimiz, pulimiz yo‘q edi», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Prezident Mirey Amanbayevaga «yo‘li yengil bo‘lishi uchun» avtomobil sovg‘a qildi. Davlat rahbari unga «Navoiydagi vakili» bo‘lishini aytdi.

28 avgust kuni Mirey Amanbayevaga prezident sovg‘asi sifatida Nexia-3 avtomashinasi topshirildi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

«Prezidentimining Navoiy viloyatiga tashrifi Navoiy xalqi uchun juda katta, unutilmas voqea bo‘ldi desam bo‘ladi. O‘zbekistonda birinchi quyosh stansiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda men ham ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim hamda o‘sha yerning o‘zida prezident bilan muloqotda bo‘ldim. Prezident Navoiy xalqini madaniyatlik, yoshlari izlanuvchan, talabchan, deb ta’kidladi. Bu biz uchun juda katta motivatsiya desam adashmagan bo‘laman. Prezidentimiz biznesga birinchi qadam, startap va yoshlar loyihalari bo‘yicha faol bo‘lishimni so‘rab avtomobil sovg‘a qildi. Bu meni juda ruhlantirdi», — deydi Mirey Amanbayeva «O‘zbekiston 24» telekanaliga.