«Yo‘lovchi samolyotining nimasi maxfiy?» Ushbu savol bilan O‘zLiDeP deputati Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida murojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u aeroportda «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning yo‘lovchi samolyoti fonida rasmga tushmoqchi bo‘lganida yo‘lovchilarga obyekt strategik ahamiyatga ega ekanligi sababli rasmga tushish mumkinmasligini bildirishgan.

Aviakompaniya samolyotlarining internetdan olingan fotosuratlarini postga qo‘shib, deputat shunday deb yozdi: «Axborotlashgan dunyoda, hamma yoqda kameralar bor vaqtda yo‘lovchi samolyoti bilan rasmga tushish mumkinmasligi qiziq».

«Agar samolyot maxfiy bo‘lsa, unda nega harbiy emas, oddiy yo‘lovchilarni tashimoqda (axir ular samolyotning ikkita qanoti, sirtiga bayroq tasviri tushirilgani, ichida o‘rindiqlar borligi kabi «o‘ta maxfiy ma’lumotlar»ni yaqinlariga aytib berishi mumkin-ku), nega ochiq aeroportlarga qo‘nib-uchib yuribdi, nega ustiga paranji bilan yopilib, ko‘zdan pana qilinmagan?» — deya savol berdi Rasul Kusherbayev.

«Bu savollarga mantiqan javob berilsa, rasmga olishga qo‘yilgan taqiq to‘g‘ri ekaniga ishonish mumkin. Aks holda bu ham zamondan ortda qolgan, noprofessionallarning o‘ylab topgan yana bir kulgili taqiqi bo‘lishi mumkin», — deb qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, mahalliy kompaniya samolyotlari bortida suratga olish va tasvirga olishga taqiq rasman 2016 yilning yanvarida joriy etilgan edi. Yo‘lovchilar hali ham bortdan suratga olishadi, chunki hamma unutilmas lahzalarni muhrlashni xohlaydi. Bundan tashqari, xorijiy aviakompaniyalarda bunday taqiq yo‘q.

Qonunda taqiq yo‘qligiga qaramay, o‘tgan yillarda O‘zbekistonda jamoat joylarida suratga tushirish ham noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Huquq -tartibot idoralari xodimlari suratlarni olib tashlashni so‘rashlari va hatto militsiya bo‘limiga olib borishlari mumkin edi.

Toshkentdagi har qanday hukumat binosini «strategik obyekt» deb atash mumkin edi. Toshkent teleminorasi va metroda tasvirga olishning rasmiy taqiqlari amalda bo‘lgan.

2018 yil fevral oyida prezidentining «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan sayyohlarga jamoat joylari, bino va inshootlarni cheklanmagan holda suratga va videoga olishga ruxsat berildi.

O‘sha yilning o‘zida Toshkent teleminorasidan, yozida esa metroda suratga olishga ruxsat berildi.

Shunga qaramay, sayyohlar va o‘zbekistonliklar, jumladan, jurnalistlar vaqti-vaqti bilan ayrim obyektlarni suratga olayotganda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining noroziligiga duch kelishadi.