Prezident qarori bilan Toshkent shahrida «S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali tashkil etildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» Telegram-kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, filial Butunrossiya davlat kinematografiya institutining (BDKI) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan alohida tarkibiy bo‘linmasi — oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Filialda ta’lim faoliyati 2021−2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Ta’lim jarayoni Kinematografiya agentligi bilan kelishgan holda BDKI tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va dasturlar asosida rus tilida olib boriladi, shu bilan birga unda o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixi o‘qitiladi.

Quyidagilar filialning asosiy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hisoblanadi:

  • Dramaturgiya;
  • Prodyuserlik (turlari bo‘yicha).

Ta’lim kunduzgi, sirtqi shaklda hamda masofaviy tarzda yo‘lga qo‘yiladi.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ma’lumot sifatida tan olinadigan Rossiya Federatsiyasi davlat namunasidagi BDKI diplomi beriladi.

Filialda davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilar 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan kinokompaniyalar, teleradiokompaniyalar yoki kino va televideniye sohasidagi tashkilotlarga taqsimlanadi.