Shu kunlarda Mahalla telekanalida efirga uzatilayotgan «Saodat» serialidan bir kadr ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Suratda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning portreti xiralashtirilgani aks etgan.

«Gazeta.uz» mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida telekanal rahbariyatiga murojaat qildi. Mahalla telekanali direktori o‘rinbosari Aziz Nurullayev suratning xira ekanligini «texnik xatolik» deya izohladi.

«„Saodat“ seriali bo‘lgan. U yerda texnik xatolik ketgan. Hozir bu narsa yo‘q. Ular eskisidan [arxivdan] olishgan… Biz surishtirdik shu kunlarda efirga berilayotgan serialda bu ketmayapti, olib tashlangan deyishdi… Shu kecha-kunduzda ko‘rishinglar mumkin Saodat seriali (efirga) ketayapti. Unaqa hech narsa berkitilmagan… Montajda endi har xil narsa bo‘lib turadi», — dedi u.

2020 yilning sentyabrida «Gazeta.uz» Sevimli TV telekanali turk seriali namoyishi vaqtida kalta ko‘ylakda bo‘lgan qizlarning oyoqlarini xiralashtirgani haqida yozgan edi. O‘shanda telekanal ma’muriyati bu «qonunchilik va milliy qadriyatlarga asoslangan» hamda tomoshabinlar fikrini inobatga olgan holda qilinganini aytgandi.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining Mahalla raqamli ma’rifiy teleradiokanali 2015 yilning yanvar oyida efirga chiqa boshladi. Kanal aholini demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda «Mahalla» institutining o‘rni va ahamiyati, shuningdek, ijtimoiy masalalarni hal etish yuzasidan xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan edi.