30 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston — Germaniya hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi ko‘rib chiqildi.

Xayko Maas O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistondan Germaniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining evakuatsiyasini tashkillashtirishda ko‘rsatgan yordami uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.

«Tomonlar Afg‘oniston yo‘nalishida yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildilar», — deyiladi xabarda.

Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, «nemis va o‘zbek tomonlari tashqi siyosatdagi vaziyat, xususan Afg‘oniston hamda favqulodda holatda xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar».

Xayko Maas o‘zining Twitter`dagi sahifasida yozishicha, uchrashuvda Germaniya fuqarolari va afg‘on xodimlarini havo va quruqlikdan evakuatsiya qilish yo‘llari muhokama qilingan. «O‘zbekiston keyingi hamkorlikka tayyor. Tafsilotlar hozirda kelishilmoqda», — deya qayd etdi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya Mudofaa vazirligi 26 avgust kuni Afg‘onistondan evakuatsiya qilishni yakunladi. Toshkent aeroporti marshrutning oraliq nuqtasi sifatida ishlatilgan, bu yerda evakuatsiya qilinganlar harbiy transport samolyotlaridan yo‘lovchi samolyotlariga o‘tkazilgan. Evakuatsiyaning yakunlanishi munosabati bilan Toshkentga kelgan Germaniya mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer «juda keskin vaziyatda» O‘zbekiston yordami uchun minnatdorchilik bildirgan edi.

Hammasi bo‘lib, Germaniya qurolli kuchlari Afg‘onistondan 5300 dan ortiq odamni, shu jumladan kamida 45 mamlakat fuqarolarini evakuatsiya qilib, 37 ta reysni amalga oshirdi.